"Yashil" biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
2026-10-07 11:30:00 / Yangiliklar

Xususan, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etilishi, “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi doirasida esa 2026-yil 31-dekabrgacha ayrim soliq qarzdorliklari bo‘yicha penya va jarimalarni hisobdan chiqarish imkoniyati berilishi tadbirkorlar uchun muhim yengilliklar yaratadi.
Tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham kengaytirilmoqda. Jumladan, kredit, bank kafolati, akkreditiv va lizing bo‘yicha 75 foizgacha kafillik, intizomli tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlarga esa 2,5 milliard so‘mgacha kafolat taqdim etiladi. Bunday imkoniyatlar energiya tejamkor uskunalar, chiqindilarni qayta ishlash, suvni tejash va boshqa ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun ham moliyaviy imkoniyatlarni kengaytiradi.
Farmonda innovatsion va yashil texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 8 ta ustuvor yo‘nalishda 30 tagacha startap loyiha moliyalashtiriladi va har bir loyihaga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritilishi mumkin. Dastur doirasidagi ustuvor yo‘nalishlarda suvni tejash va qayta foydalanish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda ekologik innovatsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
