"Green University" kutubxonasi ekologik yo‘nalishdagi yangi nashrlar bilan boyitildi
2026-10-06 16:35:00 / Yangiliklar

To‘plamdan xalqaro miqyosda foydalaniladigan bir qator nashrlar, jumladan, “General Ecology: Outline of Contemporary Ecology for University Students”, “The Forest and the City”, “Discovering Biodiversity”, “The Youth Guide to Biodiversity”, “Green Technology Book” hamda shahar o‘rmonlarini rejalashtirish va boshqarishga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘rin olgan.
Mazkur manbalarda ekotizimlar faoliyati, bioxilma-xillikni asrash, urbanizatsiya sharoitida yashil hududlarni rivojlantirish, shahar o‘rmonlarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va ekologik texnologiyalar kabi masalalar ilmiy va amaliy jihatdan yoritilgan.
"Green University" rektori, professor Baxtiyor Po‘latov mazkur tashabbus universitet uchun katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
“Universitet kutubxonasining ekologiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishidagi zamonaviy nashrlar bilan boyitilishi talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xorijiy manbalarning mavjudligi yoshlarning xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvlar bilan tanishishiga, mustaqil izlanishlarini chuqurlashtirishiga yordam beradi. Bu kabi tashabbuslar ta’lim, ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi rektor.
Mazkur nashrlar o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy izlanishlar, mustaqil ta’lim va tadqiqot loyihalarida foydalanish uchun qo‘shimcha manba vazifasini bajaradi.








