Toshkent shahrida 5-6-oktabr kunlari havo sifati nega yomonlashdi?
2026-10-06 16:00:00 / Yangiliklar
5-oktabr kuni soat 20:00 dan keyin zarrachalar miqdori sezilarli oshdi: soat 21:00 da 28 mkg/m³, 6-oktabr soat 03:00 da 38 mkg/m³ va soat 08:00 da 40 mkg/m³ ga yetdi. Tonggi ko‘rsatkich kunduzgi darajadan qariyb 3 marta yuqori bo‘ldi. Soat 03:00–08:00 oralig‘ida shahar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich xalqaro AQI mezonida «Sezgir guruhlar uchun noqulay» darajada (AQI 108-111), milliy standart bo‘yicha esa «Yashil» darajada qayd etildi.
Havo sifatining yomonlashishiga ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishini cheklagan noqulay meteorologik sharoitlar ta’sir qilgan. Hafta boshida respublika hududiga ta’sir ko‘rsatgan sovuq antitsiklon havoning turg‘unlashishi va tungi harorat inversiyasining kuchayishi uchun qulay sharoit yaratgan. Tun davomida havo harorati pasayib, shamol tezligi asosan 0-1 m/s atrofida bo‘lgan. Natijada havoning gorizontal almashinuvi va vertikal aralashishi susayib, mayda zarrachalar yerga yaqin qatlamda to‘plangan.
Vertikal kuzatuvlarga ko‘ra, 5-oktabr soat 23:00 da harorat inversiyasi kuzatilib, 6-oktabr soat 02:00-05:00 oralig‘ida kuchaygan va soat 08:00 ga kelib zaiflashgan. Inversiya paytida yerga yaqin sovuq havo ustida nisbatan iliq havo qatlami joylashib, ifloslantiruvchi moddalarning yuqoriga tarqalishini cheklaydi.
Namlikning ortishi ham monitoring datchiklari ko‘rsatkichlariga qo‘shimcha ta’sir qiladi. Ayrim mayda zarrachalar havodagi namlikni yutib, hajmi ortadi va optik datchiklarda yuqoriroq ko‘rsatkich qayd etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bu kabi holat hafta oxirigacha tunggi va ertalabki muddatlarda qisqa muddatli kuzatilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “Atmosfera havosi sifati ko‘rsatkichlarini milliy indeksatsiyasini tatbiq qilish va aholi salomatligiga ifloslangan havo ta’sirini kamaytirish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori asosida O‘zbekistonda PM2.5 va PM10 zarrachalari bo‘yicha havo sifatini baholashning milliy indeksatsiya tizimi ishlab chiqilgan.
Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.
