"3-30-300" qanday amalga oshiriladi?
2026-10-06 10:45:00 / Yangiliklar

Bunda ekiladigan daraxt ko‘chatlari soni oshirilib, har bir fuqaroning yashash manzili, ish joyi yoki ta'lim muassasasi binosida kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi ta'minlanadi. Shuningdek, aholi yashash hududlarining kamida 30 foizi yashil hududga aylantiriladi. Qolaversa, aholi yashash joyidan kamida 300 metr masofada maydoni kamida 0,5 gektar bo‘lgan yashil hudud barpo qilinadi.
Bundan tashqari, "Yashil dastur" doirasida yashil bog‘lar, ko‘llar, soyali sayr ko‘chalari yaratiladi. Shu bilan birga, daraxtlarni parvarishlash, suv tejovchi sug‘orish tizimlari va chiqindi yig‘ish shoxobchalariga alohida e'tibor qaratiladi.
Ma'lumot uchun, shahar o‘rmonlari iqlim o‘zgarishiga moslashish, havo sifatini yaxshilash, aholi salomatligi va farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda "Nature Based Solutions Institute" (NBSI) hamraisi Sesil Konijnendijk 2021-yil fevral oyida shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish uchun 3+30+300 tamoyilini ilgari surdi. Asosiy maqsad yashil hududlarni aholining yashash, ishlash va ta’lim olish muhitining ajralmas qismiga aylantirishdir.
Bugungi kunda 3+30+300 tamoyili dunyoning yuzlab shaharlarida qo‘llanilmoqda. Antverpen, Afina, Belfast, Gamburg, Myunxen, Vashington kabi shaharlarda ushbu yondashuvdan foydalanilmoqda. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar uni shaharlarni yashillashtirish va sog‘lom yashash muhitini shakllantirish vositasi sifatida tavsiya qilmoqda. Tamoyil asosida ishlab chiqilgan mezonlar shahar aholisi uchun daraxtlar va yashil hududlardan teng foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda barqaror shaharsozlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
