Yovvoyi o‘simliklarni yig‘ishning yangi tartibi joriy etildi
2026-10-05 16:15:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 245-son qarori bilan yovvoyi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosini, shuningdek, oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlash tartibi takomillashtirildi. Qarorga muvofiq, yovvoyi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlashga o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqi elektron onlayn-auksion savdolari orqali beriladi.
Bu tadbirkorlarga nima beradi?
Yangi tartib, avvalo, tabiiy resurslardan foydalanish huquqini berish jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Tasdiqlangan kvotalar doirasida o‘tkaziladigan elektron onlayn-auksion savdolarida barcha ishtirok etishi mumkin.
Auksionning elektron shaklda o‘tkazilishi resursdan foydalanish huquqini ochiq va raqobatli tarzda taqsimlash, tadbirkorlar uchun teng sharoit yaratish, inson omili va ortiqcha ma’muriy jarayonlarni kamaytirish, resursdan foydalanish huquqining bozor mexanizmlari asosida taqsimlanishini ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun jarayonning ochiqligi va shaffofligini oshirish imkonini beradi.
Kvotalar ekologik talablar asosida belgilanadi
Muhim jihati shundaki, elektron onlayn-auksion savdolari tabiiy resurslarni cheklanmagan miqdorda yig‘ish imkonini bermaydi. Yovvoyi o‘simliklarning texnik va dorivor xomashyosi hamda oziq-ovqat maqsadlari uchun yig‘ish va tayyorlashga kvotalar har yili Fanlar akademiyasi xulosasiga asosan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi. Shu tariqa, iqtisodiy manfaatlar bilan bir qatorda o‘simlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan barqaror foydalanish tamoyillari ham ta’minlanadi.
Ruxsatnoma olish jarayoni soddalashtiriladi
Yangi tartibning yana bir muhim jihati — auksion g‘olibi uchun ortiqcha hujjatbozlikka barham beriladi. Auksion natijalari bo‘yicha tuzilgan bayonnoma maxsus foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
Bunda auksion g‘olibidan hech qanday hujjat taqdim etish talab etilmaydi. Shuningdek, belgilangan tartibga ko‘ra, auksion g‘olibidan ruxsatnoma rasmiylashtirish bilan bog‘liq qo‘shimcha yig‘imlar ham undirilmaydi. Bu esa tadbirkor uchun vaqt va xarajatlarni tejashga, ruxsatnoma olish jarayonini yanada qulaylashtirishga xizmat qiladi.
Elektron tizim — ochiqlik va raqobat kafolati
Yangi mexanizmda yovvoyi o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish huquqini taqsimlashda elektron savdo usulidan foydalanilishi tadbirkorlik subyektlari uchun yanada ochiq va tushunarli muhit yaratadi. Tadbirkor resursning turi, hududi, belgilangan kvotasi va auksion shartlari bilan tanishib, o‘zining iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Shu bilan birga, elektron auksionlar resursdan foydalanish huquqini ma’muriy taqsimlashdan bozor tamoyillariga asoslangan raqobatli mexanizmga o‘tishga xizmat qiladi.
Asosiy maqsad faqat tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish emas, balki yovvoyi o‘simliklardan qonuniy, tartibli va ekologik jihatdan barqaror foydalanishni ta’minlashdan iborat. Shu sababli elektron onlayn-auksion savdolari tasdiqlangan kvotalar doirasida amalga oshiriladi. Bunday yondashuv tabiiy resurslarning qayta tiklanish imkoniyatlarini hisobga olgan holda ulardan foydalanish hajmini tartibga solish, noqonuniy yig‘ish va tayyorlashning oldini olish hamda o‘simlik dunyosi obyektlarini asrashga xizmat qiladi.
