Ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlar
2026-10-05 10:00:00 / Yangiliklar

Suv resurslarini muhofaza qilish va sanitariya sohasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Sanoat korxonalarida lokal oqova suvlarni tozalash inshootlari modernizatsiya qilinib, avtomobil yuvish shoxobchalari suv tejovchi texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Atrof-muhit muhofazasi va shaharlar barqarorligini ta’minlash maqsadida havo, suv va tuproq sifati ustidan monitoring tizimlari kengaytirildi. “Toza havo” loyihasi doirasida sanoat korxonalaridagi chang va gaz tozalash uskunalari yangilandi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida millionlab ko‘chatlar ekilib, mamlakatning yashillik darajasi 15 foizga yetkazildi.
Barqaror iste’mol va ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida chiqindilarni boshqarish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Chiqindilarni raqamli boshqarish tizimlari joriy etilmoqda, mahsulotlarni ekologik markirovkalash ishlari kengaymoqda hamda chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya olishga qaratilgan zamonaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, aholining barqaror turmush tarzi va tabiatga mas’uliyatli munosabatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Green University va yashil texnikumlar bazasida ekologik sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish yo‘lga qo‘yilgan.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida ham muhim qadamlar tashlanmoqda. Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 35 foizga kamaytirish majburiyatini olgan. Shuningdek, 2035-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 50 foizgacha qisqartirish maqsadi belgilangan. Bu esa mamlakatning yashil iqtisodiyotga o‘tish borasidagi qat’iy sa’y-harakatlarini namoyon etadi.
Bioxilma-xillikni asrash va o‘rmon maydonlarini kengaytirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududining 14,2 foiziga yetkazildi, milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, cho‘l va tog‘oldi hududlarida minglab gektar maydonlarda yashil qoplamalar va himoya o‘rmonzorlari barpo etilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekistonning ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni asrab-avaylash va kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadamlari hisoblanadi.


