Toshkent shahrida 2–3-oktabr kunlari harorat inversiyasi kuzatildi
2026-10-03 18:30:00 / Yangiliklar
Kuzatuvlarga ko‘ra, 1-oktabr kuni soat 12:00 da shahar bo‘yicha o‘rtacha PM2.5 miqdori 33 mkg/m³ bo‘lgan bo‘lsa, 2-oktabr tongida soat 05:00 da 44 mkg/m³ ga yetgan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar soat 10:00 da qayd etilib, PM2.5 miqdori 46,7mkg/m³, PM10 miqdori esa 79,2 mkg/m³ ni tashkil etgan.
AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (US EPA) havo sifati indeksiga ko‘ra, 1-oktabr soat 23:00 dan 2-oktabr soat 11:00 gacha havo sifati “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajada bo‘lgan. Milliy standart bo‘yicha esa 2-oktabr soat 10:00 dagi ko‘rsatkichlar PM2.5 uchun “yashil”, PM10 uchun“sariq” darajaga to‘g‘ri kelgan.
Kunduzi havo isishi bilan harorat zaiflashib, havo sifati aralashuvi yaxshilangan. Harorat 15,6 °C dan 25,6 °C gacha ko‘tarilgan, nisbiy namlik esa 83 foiz dan 29 foizgacha pasaygan. Natijada soat 12:00 ga kelib PM2.5 miqdori tongdagi 44 mkg/m³ dan 21 mkg/m³ gacha kamaygan. Soat 13:00–17:00 oralig‘ida shahar bo‘yicha o‘rtacha PM2.5 miqdori 15-18 mkg/m³ ni tashkil etib, US EPA indeksiga ko‘ra havo sifati “o‘rtacha” darajada bo‘lgan.
2-oktabr kechasi shamol yana susayib, harorat inversiyasi kuchayishi natijasida havodagi zarrachalar miqdori ortgan. Soat 21:00 dan 3-oktabr soat 01:00 gacha US EPA indeksi bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” daraja (milliy standart bo‘yicha “o‘rtacha” daraja) kuzatilgan. Soat 02:00 dan boshlab havo sifati yaxshilanib, “o‘rtacha” darajaga qaytgan.
3-oktabr soat 09:00 holatiga ko‘ra, kuzatuv nuqtalarida PM2.5 miqdori 18-37 mkg/m³ oralig‘ida bo‘lgan. Bu ko‘rsatkichlar milliy baholash tizimi bo‘yicha “yashil”, US EPA indeksi bo‘yicha esa “o‘rtacha” darajaga to‘g‘ri keladi.
Izoh: odatda, atmosfera pastki qatlamlarida havo yuqoriga ko‘tarilib, aralashib turadi. Inversiya vaqtida esa harorat balandlik bilan pasayish o‘rniga ma’lum qatlamda ortadi. Natijada nisbatan sovuq havo yer yuzasiga yaqin qatlamda, iliqroq havo esa uning ustida joylashib, havoning vertikal aralashishini cheklaydi. Bunday holat kuz, qish oylarida Toshkent shahrida havoning tabiiy aralashishi va ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini sezilarli darajada kamaytirib, havo sifati darajasini vaqtinchalik yomonlashishiga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “Atmosfera havosi sifati ko‘rsatkichlarining milliy indeksatsiyasini tatbiq qilish va aholi salomatligiga ifloslangan havo ta’sirini kamaytirish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori asosida O‘zbekistonda PM2.5 va PM10 zarrachalari bo‘yicha havo sifatini baholashning milliy indeksatsiya tizimi ishlab chiqilgan.
Toshkent shahri “Green University” hududida 2026-yil 2-oktabr soat 11:47 dan 3-oktabr soat 11:47 gacha olingan PM2.5 va PM10 namunalari laboratoriyada tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, PM2.5 tarkibidagi zarrachalarning 67 foizi mineral va tuproq changi, 25 foizi esa sanoat va energetikadagi yonish jarayonlari bilan bog‘liq. PM10 tarkibida esa mineral va tuproq changining ulushi yanada yuqori — 80 foiz, sanoat va energetikadagi yonish jarayonlari hissasi 16 foizni tashkil etgan. Ya’ni mazkur davrda havodagi mayda va yirik chang zarrachalarining asosiy qismi mineral va tuproq changi manbalariga to‘g‘ri kelgan.
