“Zomin” davlat qo‘riqxonasi
2025-04-01 00:00:00 / Qoriqxonalar

“Zomin” davlat qo‘riqxonasi Turkiston tog‘ tizmasining shimoli-g‘arbiy yonbag‘rida joylashgan bo‘lib, janubda Tojikiston Respublikasi, sharqda Zomin tumani hududida joylashgan Zomin tabiat milliy bog‘i, Zomin o‘rmon xo‘jaligi g‘arbda Baxmal tumani Baxmal o‘rmon xo‘jaligi va shimolda Molguzar tog‘i bilan chegaradosh.
Umumiy maydoni 26921 gektar bo‘lib, qo‘riqlanma (bufer) hududi
3516 gektarni tashkil etadi.
Qo‘riqxonada xorijiy va mahalliy sayyohlarni o‘ziga rom etadigan ekoturizm maskanlari va bir qancha madaniy meros ob'ektlari mavjud.
Tabiiy sharoiti: Qo‘riqxona yerlari tarkibiga asosan tog‘ tizimlari kiradi. Qo‘rikxona asosan Zomin va Baxmal tumanlarida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan 1700 metrdan 4029 metrgacha balandlikka ega uch zonani - tog‘larning pastki, o‘rta va yuqori qismlarini o‘z ichiga oladi. Hududning janubiy qismi Turkiston tog‘ tizmasining tik jarliklaridan iborat. Shimoliy qismi biroz tekisroq rel'efli supalardan iborat bo‘lib, mergel va lyossuglinkasimon tuproq qatlamlari bilan qoplangan.
Florasi: Zomin davlat qo‘riqxonasi o‘simliklar dunyosida 105 oila, 530 turkumga mansub 1216 tur uchraydi.
Faunasi: Zomin davlat qo‘riqxonasi hududida qushlarning 102 turi, sut emizuvchilarning 30 turi, sudralib yuurvchilarning 14 turi, baliqlarning 1 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi uchraydi.
Ekoturizm maskanlari: Zomin va Baxmal bo‘limlaridagi ekoturistik marshrut “Boyqo‘ng‘ir tabiati” ekoturistik marshrut (Baxmal bo‘limi qo‘riqxona hududida joylashgan), “Qirq kiz I” ekoturistik marshrut (Zomin bo‘limi qo‘riqlanma hududida joylashgan), “Chortangi darasi” ekoturistik marshrut (qo‘riqxona hududida joylashgan), “Ko‘lsoy tabiati” ekoturistik marshrut (qo‘riqxona hududida joylashgan) va “Qoshqa suv ko‘zatuv markazi” ekoturistik marshrut (Zomin bo‘limi qo‘riqlanma hududida joylashgan).
O‘simliklar va hayvonlar hayotini ko‘zatish hamda qo‘riqxonaning tik jarliklari, tog‘larning pastki qismi, o‘rta va baland qismlarini, qorli tog‘ cho‘qqilari va quyuq archazorlarni ko‘rish mumkin.
Qo‘riqxona atrofiga yaqin mehmonxona: “Wyndham garden hotel zaamin” mehmonxonasi hududdan 5 km masofada Zomin tumanida joylashgan.
METH ning viloyat, tuman markazlaridan oraliq masofasi: Jizzax shahri markazidan 110 km transportda Zomin milliy tabiat bog‘i orqali “Sufa” tog‘ kengligiga kelinadi xamda Jizzax shahri markazidan 100 km transportda Baxmal tumani Muzbuloq qishlog‘i orqali kelinadi.
Tashrif vaqti
Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha) Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha)
Manzil: Jizzax viloyati, Zomin tumani, «Bog‘ishamol» MFY.




