Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi
2025-05-01 00:00:00 / Qoriqxonalar

Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi davlat tabiatni muhofaza qilish, kamyob hayvon turlarini ko‘paytirish ilmiy-tadqiqot muassasasi
Hudud bo‘yicha umumiy ma'lumot: Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi hududi –Kogon va Qorovulbozor shaharlari orasida, A-380 avtomagistrali bo‘ylab Buxoro viloyatining Buxoro tumani hududida joylashgan. Maydoni: 16 522 gektar bo‘lib, shundan 1-hudud 5 145 gektar, sim to‘siq bilan himoyalangan, 2-hudud 11 377 gektar ochiqlik maydonidan iborat.
Tabiiy sharoiti: Pitomnik hududi – Qizilqum cho‘lining Janubi-g‘arbiy qismi, Karnabcho‘l massivida joylashgan. Landshaft ekspozisiyasi tepalik. Hudud dengiz sathidan o‘rtacha 332 m. balandlikda bo‘lib: past tepalikli qumlar, takirlar, sho‘rxoklar, gipsli qatlam, toshloqlar va ko‘llardan iborat.
1 - hududning janubiy qismi turli xil sho‘rlanish darajasiga ega 3 ta ko‘ldan iborat ko‘llar majmuasi mavjud. Ko‘llardagi suv Amu-Buxoro kanalidan oqib o‘tadigan ariq, yer osti sizot suvlari va yillik yog‘in miqdori hisobidan shakllanadi.
2 - hududning Kaynagach past tog‘i yaqinida yer osti sizot suvlaridan shakllanadigan turli darajadagi sho‘rlanishga ega 4 ta kichik tabiiy suvliklar joylashgan.
“Jayron” pitomnigi qurg‘oqchil zonada joylashgan bo‘lib, keskin kontinental iqlimi bilan ajralib turadi. Havo harorati, yozda + 43, +54 °S ga, qishda esa -16, -28 °S ga tushishi mumkin. Yillik yog‘in miqdori 150-200 mm atrofida.
Florasi: Hududida saksovulzorlar, to‘qaylar, tuzli botqoq va takirlar o‘simliklari mavjud. Pitomnikda o‘simliklarning 46 oila, 182 turkumga mansub, 267 turdagi yuksak o‘simliklar o‘sadi.
Faunasi: Pitomnik hududida qushlarning 257 turi, sutemizuvchilarning 36 turi, baliqlaring 8 turi, sudralib yuruvchilarning 18 turi, suvda va quruqlikda yashovchilarning 2 turi, umurtqasizlarning 700 ga yaqin turi uchraydi.
Pitomnikda quyidagi asosiy sutemizuvchi turlari maxsus sharoitlarda ko‘paytiriladi: jayron (1086 bosh), turkman quloni (76 bosh), prjeval oti (22 bosh), buxoro tog‘ qo‘yi (38 bosh), buxoro bug‘usi (1 bosh).
Ekoturizm maskanlari: Ekologik turizmni amalga oshirish uchun 8 ta ekomarshrutlar ishlab chiqilga:
1-marshrut - voler majmuasi, uzunligi 500 m. piyoda sayohat vaqt davomiyligi 30 daqiqa.
2-marshrut - voler majmuasi-kichik tuzli ko‘l, uzunligi 2 km, piyoda sayohat vaqt davomiyligi 2 soat.
3-marshrut - Voler kompleksi - Ko‘llar – birinchi kuzatuv minorasi, uzunligi 5 km, piyoda sayohat vaqt davomiyligi 4 soat.
4-marshrut - Voler kompleksi – Amu- Buxoro kanali bo‘ylab o‘tadigan janubiy yo‘l. Avtomobilda sayohat: uzunligi 7 km, vaqt davomiyligi 1,5-2 soat.
5-marshrut - Voler kompleksi - Amu- Buxoro mashina kanali bo‘ylab o‘tadigan janubiy yo‘l - 2-ochiqlik hududi bo‘ylab sayohat. Avtomobilda sayohati: masofa 40 km, vaqt davomiyligi 4-5 soat. Yo‘nalish uchun cho‘lda yura oladigan avtomobil kerak bo‘ladi. Ushbu marshrutda 1- marshrut va 4- marshrutlarni ham ko‘rish imkonini o‘z ichiga oladi.
6- marshrut. Kainagach tog‘i. Piyoda sayohat: masofa 14 km. Vaqt davomiyligi 5-6 soat.
7- marshrut (piyoda) va 8- marshrut (avtomobilda). Kechki ya'ni tundagi sayohatlar. Ikkinchi hududda avtoulovda sayohat: uzunligi 10-15 km, davomiyligi 3 soat.
Yaqin aholi yashash punktlari: Pitomnik Qorovulbozor tumani “Cho‘lquvar” MFY hududidan 10 km., Kogon shahri 25 km uzoqlikda joylashgan.
Mehmonxona yoki mehmon uylari: Pitomnik hududida “Tashrif markazi” binosi qurilmoqda. Unda mexmonlar uchun sharoitlar xam ko‘zda tutilgan.
Viloyat tuman markazlparidan oraliq masofasi: Buxoro viloyati markazi, Buxoro shahridan 42 km. Kogon shahridan 25 km. Qorovulbozor tumanidan 15 km.
Tashrif vaqti
Ish kunlari soat 12:00 dan 20:00 gacha (qishda 17:00 gacha) Dam olish va bayram kunlari soat 09:00 dan 21:00 gacha (qishda 17:00 gacha)
Manzili: 200700, Buxoro viloyati, Kogon shahri.








