Atmosfera havosini muhofaza qilish choralari kuchaytirilmoqda
2026-10-02 20:30:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Feruz Safarov, Ekologiya qo‘mitasi Ekopolitsiya boshqarma boshlig‘i Nodirbek Jamburbayev, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unov, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyasi mudiri Erkin Abduahadov, Ekologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi Alisher Xudoyberdiyev, qo‘mita va tizim tashkilotlari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun, Maxsus komissiya tomonidan hozirga qadar I–II toifadagi sanoat korxonalarida 459 ta avtomatik monitoring stansiyasi o‘rnatilib, Toshkent shahrida 554 ta korxona xatlovdan o‘tkazildi. 67 ta korxonada 186 ta chang-gaz tozalash uskunasi modernizatsiya qilindi. Shuningdek, 280 mingdan ortiq avtotransport ekologik nazoratdan o‘tkazilib, 2,52 ming tonna zararli tashlamalarning oldi olindi. Respublika bo‘yicha 2,2 milliondan ortiq ekologik stiker berilgan, “Avtomobilsiz kun” aksiyasi natijasida esa bir kunda o‘rtacha 50 tonnaga yaqin tashlama qisqarmoqda.
Havo sifatini yaxshilashda monitoring, qurilish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham qamrab olingan. Toshkent shahrida 10 ta nuqtada PM2.5 namunalarini avtomatik yig‘ish yo‘lga qo‘yilib, “Eko-nazorat” onlayn platformasi ishga tushirildi. Qurilish sohasida balandligi 12 metrdan yoki maydoni 500 m² dan ortiq obyektlar hududining kamida 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi belgilandi. Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida 330 gektar maydonda “yashil belbog‘”, 33 km uzunlikdagi Kichik halqa yo‘li bo‘ylab “Yashil yo‘lak” barpo etilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2026-yilning 1-yanvaridan 21-sentabrigacha Toshkentda PM2.5 mayda zarrachalarining o‘rtacha konsentratsiyasi 2025-yilning shu davriga nisbatan 25 foizga kamaygan. Bu shahar havosidagi mayda zarrachalar bilan ifloslanish darajasi pasayganini ko‘rsatadi.
Milliy standart mezonlari bo‘yicha yaxshi havo kunlari soni 81 kundan 147 kunga yetgan — ya’ni 66 kunga ko‘paygan. Shuningdek, 2026-yil 18-apreldan 17-maygacha ketma-ket 30 kun davomida havo sifati yaxshi darajada saqlangan.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalarining o‘tgan yillarda amalga oshirilgan reydlar, transport vositalaridan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirishga qaratilgan aksiyalar, avtomatik stansiyalarni o‘rnatmaganlik yoki to‘g‘ri foydalanmaslik uchun belgilangan javobgarliklar va 2026-yilda qilinayotgan hamda rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqidagi savollariga batafsil javob qaytarildi.
Ma’lumot uchun, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan atmosfera havosini asrashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, 2026-yil yakuniga qadar atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar va transport tashlamalarini 2 foizga, PM2.5 bo‘yicha me’yordan oshish kuzatiladigan kunlarni 7 foizga kamaytirish, qurilish obyektlarining 40 foizini chang bostirish va monitoring tizimlari bilan jihozlash hamda sanoat korxonalarining 30 foizini modernizatsiya qilish maqsad qilingan.
