Uchinchi chorak yakunlari muhokama etildi
2026-09-30 19:30:00 / Yangiliklar

Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari O.Qudratov olib borgan yig‘ilishda qo‘mita markaziy apparati mas’ullari, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–117-son Farmonida belgilangan vazifalar muhokama etildi.
Shuningdek, 2026-yilning uchinchi choragida ijro intizomining holati, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, ijro intizomini mustahkamlash masalalari qo‘mita rahbariyati ishtirokida haftada 2 marta (dushanba, juma kunlari) o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilib borilmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning natijasida topshiriqlar belgilangan muddatlarda hamda aniq mas’ullar kesimida ta’minlanmoqda.
Umimiy holatda “Ijro.gov.uz” tizimida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari bo‘yicha 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 1740 ta topshiriq kelib tushgan va ularning ijrosini ta’minlash belgilangan. Joriy yilning 30-sentabr holatiga ko‘ra, mazkur topshiriqlardan 1737 tasi (yoki 99,8 foizi)ning ijrosi ta’minlandi. Qolgan 3 ta topshiriq ijrosi bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda ijro intizomini buzgan tarkibiy bo‘linmalar va tizim tashkilotlarining mas’ul rahbar va xodimlariga nisbatan intizomiy chora tadbirlari ko‘rib borilmoqda. Ijro intizomi talablarini buzgan xodimlarga nisbatan intizomiy choralarning boshqa shakllari bilan bir qatorda ularning ustama ish haqlariga nisbatan pasaytirilgan koeffitsientlar qo‘llanilib kelinmoqda.
Yig‘ilish davomida tizim orqali nazoratga olingan hujjatlarning bajarilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati ham muhokama qilinib, har bir topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar belgilandi.


