Fidoiy ustozlar “Tabiat himoyachisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi
2026-10-01 17:30:00 / Yangiliklar
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Green University”da 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so’zlagan Jusipbek Kazbekov va Akiko Fujii ustozlarning barcha sohalarda bo’lgani kabi atrof-muhitni muhofaza qilishda ham o’rni muhim ekanligi, bugun sohada yetishib chiqayotgan malakali kadrlar aynan ustozlarning mashaqqatli va sharafli mehnati mahsuli ekanligini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlik, ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir qator professor-o‘qituvchilar “Tabiat himoyachisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, ustozlarni madh etishga bag‘ishlangan ijodiy chiqishlar namoyish etildi.








