"Sea Breeze" loyihasining ikki bosqichi ekologik ekspertizadan o'tdi
2026-09-30 21:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunga qadar atrof-muhitga ta’sirni baholashning birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlanib, davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olingan.
Ko‘zda tutilgan barcha materiallar, o‘tkazilgan tartib-taomillar, kelib tushgan e’tiroz va takliflar, shuningdek, ularga tegishli tushuntirishlar ochiq foydalanish uchun joylashtirilmoqda. Bu loyihani ekologik jihatdan kuzatib borish jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda uni amalga oshirishning muhim bosqichlarida jamoatchilik ishtirokini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Atrof-muhitga ta’sirni baholashning birinchi bosqichi — asosiy loyiha yechimlari amalga oshirilishidan oldingi dastlabki ekologik baholash hisoblanadi. Ushbu bosqichda obyektning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, biologik xilma-xillik, chiqindilar hosil bo‘lishi, muhandislik infratuzilmasi hamda atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlariga ehtimoliy ta’siri aniqlanadi. Shu bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xatarlar, ularni kamaytirish bo‘yicha takliflar, shuningdek, jamoatchilikning e’tiroz va takliflari ham ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqich esa loyiha yechimlarini yanada chuqur va batafsil baholashni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda ta’sirning parametrlari va ko‘lami aniqlashtiriladi, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, muhandislik yechimlari, qurilish ishlarini tashkil etish, chiqindilar bilan ishlash, suvdan foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish hamda ekologik jihatdan muhim boshqa masalalarga qo‘yiladigan talablar konkretlashtiriladi.
Ya’ni, Sea Breeze loyihasining ekologik baholashi bir martalik jarayon yoki bitta xulosa olish bilan cheklanadigan rasmiy tadbir emas. Bu loyiha yechimlari ularning batafsil ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi jarayonida izchil tekshirib, aniqlashtirib boriladigan ekologik nazorat tizimidir.
Qurilish ishlari yakunlangach, yakuniy bosqich nazarda tutilgan. U obyektni foydalanishga topshirishdan oldin o‘tkazilib, bunda loyiha bo‘yicha ko‘zda tutilgan niyatlar emas, balki amalda amalga oshirilgan yechimlar baholanadi. Ya’ni, nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilganmi, belgilangan ekologik talablar ta’minlanganmi va qurilgan obyekt ilgari kelishilgan ekologik shartlarga muvofiq keladimi — shu jihatlar tekshiriladi.
Shunday qilib, loyihaning ekologik nazorati uning butun hayotiy sikli — loyihalashtirish va qurilishdan tortib, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Bundan tashqari, loyiha nafaqat davlat, balki jamoatchilik ekologik nazorati ostida ham amalga oshirilmoqda (materiallar ilova qilinadi).
Jamoatchilik kengashi a’zolari loyiha hududiga bevosita chiqib, qurilish ishlarining amaldagi borishi bilan tanishadi hamda ekologik talablar va tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilishini tekshiradi.
Bunday tashriflar davomida hududning holati, qurilish ishlarini amalga oshirish shartlariga rioya etilishi, qurilish va boshqa chiqindilar bilan ishlash, yashil hududlarning holati, loyihada nazarda tutilgan ekologik tadbirlarning bajarilishi hamda atrof-muhit uchun muhim bo‘lgan boshqa masalalar baholanadi.
Bugungi kunga qadar o‘tkazilgan tashriflar natijasiga ko‘ra, belgilangan ekologik talablar buzilganini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanmadi.
Shu bilan birga, nazorat bir martalik emas. Monitoring davom etmoqda va loyihaning keyingi bosqichlarida ekologik majburiyatlarning bajarilishi muntazam kuzatib boriladi.
