Nurotadagi fotoqopqonga Qizilqum arxarlari muhrlandi
2026-09-29 11:00:00 / Yangiliklar

O‘tgan asrning 60–70-yillarida Qizilqum arxarining Nurota tizma tog‘laridagi populyatsiyasi 60–70 boshni tashkil etgan. 1975-yilda Nurota davlat qo‘riqxonasi tashkil etilganligi va Qizilqum arxarlari muhofaza ostiga olinganligi bois yo‘qolib borayotgan populyatsiyani saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan. Keyingi 10 yillikda arxarlar soni barqaror holatga yetgan. Ekologiya qo‘mitasi tomonidan olib borilayotgan muhofaza choralari natijasida arxarlar soni ko‘paymoqda va oxirgi 2026-yil bahorgi sanoqda 2130 boshni tashkil etdi.
Qizilqum arxari zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Hozirda Nurota, Oqtog‘ tizmalarida, Tomditog‘ qoldiq tog‘larida, Turkiston tizmasida, ehtimol, Molguzar tizmasida saqlanib qolgan. Tog‘larning o‘rta va yuqori qismlarida (dengiz sathidan 500–2000 metr balandlikda) yashaydi.


