Andijonda atmosferaga zarar yetkazayotgan korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
2026-09-28 14:30:00 / Yangiliklar

Murojaat yuzasidan Ekologiya qo‘mitasi va Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlari tomonidan korxona hududida ekologik nazorat tadbiri o‘tkazildi. Tekshiruv davomida korxonada atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani, toshni qayta ishlash jarayonida chang-gaz tozalash uskunalari mavjud emasligi hamda atmosfera havosiga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarilayotgani laboratoriya tahlillari natijasida aniqlandi.
Shuningdek, korxona hududida ishlab chiqarishdan hosil bo‘lgan chiqindilar tartibsiz joylashtirilgani va korxona tegishli davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida korxona faoliyati 10 kun muddatga to‘xtatildi. Qolaversa, korxonaga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, chiqindilarni belgilangan tartibda saqlash va olib chiqish, ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, yetkazilgan zarar uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi undirilishi belgilandi.
