O‘zbekiston va Xitoy gidrometeorologiya hamda erta ogohlantirish sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
2026-09-25 19:25:00 / Yangiliklar

Forum davomida gidrometeorologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, kuzatuv va erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, ma’lumotlar almashinuvi, sun’iy intellekt texnologiyalari va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish, shuningdek, ekstremal ob-havo hodisalari, qum va chang bo‘ronlari hamda boshqa iqlimiy xatarlarni prognozlash sifatini oshirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Markaziy Osiyo meteorologiya simpoziumi doirasida O‘zbekiston tomoni Xitoy va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri erta ogohlantirish bo‘yicha zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bo‘ldi. Xususan, tomonlar Xitoyning MAZU tizimini O‘zbekistonda mahalliylashtirish va moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Mazkur intellektual platforma xavfli ob-havo hodisalarini prognozlash va erta ogohlantirishlarni shakllantirish uchun sun’iy intellekt, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari hamda boshqa meteorologik manbalardan foydalanadi. Forumda Xitoy tomoni MAZU tizimini Markaziy Osiyo davlatlarida 2026–2027-yillarda joriy etish rejasini taqdim etdi.
O‘zbekistonda tizimni milliy sharoit va gidrometeorologik monitoring ehtiyojlarini hisobga olgan holda moslashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bunda qum va chang bo‘ronlari, qurg‘oqchilik, ekstremal issiq, kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqinlarini prognozlashga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilmoqda.
Yakunda O‘zbekiston va Xitoy mutaxassislarining zamonaviy erta ogohlantirish tizimlarini texnik jihatdan moslashtirish va integratsiya qilish masalalari bo‘yicha hamkorligini davom ettirishga kelishib olindi. Ushbu ishlar doirasida zarur texnik yechimlar, jumladan, server infratuzilmasi, ma’lumotlar almashinuvi va milliy gidrometeorologiya tizimi bilan integratsiya masalalarini baholash rejalashtirilmoqda.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi — agrometeorologiyani rivojlantirishdir. Tomonlar qishloq xo‘jaligi ekinlarini monitoring qilish, qurg‘oqchilik va issiqlik stressini baholash, sug‘orishni rejalashtirish, shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlari haqida erta ogohlantirish sohalarida Xitoy tajribasidan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Cho‘l meteorologiyasi, qum va chang bo‘ronlari, iqlimiy modellashtirish hamda tabiiy xatarlarni prognozlash sohalaridagi ilmiy hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Forum doirasida Xitoy Meteorologiya boshqarmasi Cho‘l meteorologiyasi instituti rahbariyati bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni tayyorlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi meteorologik kuzatuvlar, ekologik monitoring va o‘lchov vositalarini kalibrlash uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Xitoyning ZOGLAB kompaniyasi bilan hamkorlik bo‘ldi. Xitoy tomoni O‘zbekistonga monitoring uskunasi namunasini sinovdan o‘tkazish uchun taqdim etish, shuningdek, milliy kalibrlash bazasini zamonaviy uskunalar, jumladan, mobil kalibrlash laboratoriyasi bilan jihozlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Zamonaviy monitoring, prognozlash va erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish gidrometeorologik axborot sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning xavfli tabiiy hodisalar va iqlimiy xatarlarga munosabat bildirish imkoniyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Xitoyning ushbu sohadagi hamkorligi texnologiyalarni yanada rivojlantirish, tajriba va ma’lumotlar almashinuvini kengaytirish, ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash hamda mintaqaning iqlim o‘zgarishi oqibatlariga chidamliligini oshirishga qaratilgan.



