Andijonda ko‘chat yetishtirishning zamonaviy intensiv usuli qo‘llanilmoqda
2026-09-23 20:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, hududda Prezident tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangicha tizimga o‘tilmoqda. Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligining Baliqchi o‘rmon bo‘limi hududida yangi zamonaviy ko‘chatxona barpo etilgan.
Ma’lumot uchun, Prezidentning 2025-yil 30-maydagi 90-son Farmonida “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, o‘rmonlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy ko‘chatchilikni rivojlantirish, urug‘chilik va seleksiya ishlarini kuchaytirish hamda sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Zamonaviy ko‘chatxonalar ham bu borada muhim qadam hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, Janubiy Koreyaning zamonaviy ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu ko‘chatxonaning umumiy yer maydoni 5 yarim gektardan iborat. Bugun bu yerda qariyb 40 xil turdagi daraxt va buta ko‘chatlari hamda dorivor o‘simliklar intensiv usulda parvarish qilinmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, ko‘chat yetishtirishda ushbu zamonaviy usullarning bir qancha o‘ziga xos afzalliklari mavjud. Birinchidan, ko‘chatlar yerda emas, urug‘idan maxsus kichik idishlarda issiqxona sharoitida zamonaviy texnologiyalar tizimi yordamida parvarish qilinishi sababli tez muddatlarda o‘sib tayyor bo‘ladi. Natijada vaqt, energiya va xarajat tejaladi. Ikkinchidan, bu ilg‘or tizim ko‘magida xorijdan keltirilgan o‘simliklar urug‘larining mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashuvchanligi ta’minlanadi. Bunday muhitda yetishtiriladigan ko‘chatlarning ko‘karuvchanlik darajasi ham sezilarli ortadi.
Bu yerda qurilgan har bir infratuzilma obyekti, joriy etilgan har bir texnologiya va yo‘lga qo‘yilgan har bir agrotexnik jarayon bitta maqsadga — yuqori sifatli, standart talablariga javob beradigan hamda yuqori yashovchanlik xususiyatiga ega ko‘chatlarni yetishtirishga xizmat qiladi. Asosiy maqsad Andijon va boshqa ilg‘or o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilayotgan tadbirlarni boshqa barcha hududlarda keng joriy etish, sohani “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida tizimli rivojlantirishdan iborat. Muhimi, bunday ko‘chatxonalar mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifatli ko‘chatlar bilan ta’minlash, himoya o‘rmonzorlari barpo etish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, shahar va qishloqlarda yashil hududlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, Prezident tashabbusi bilan nafaqat Andijon, balki butun Respublika miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda yangi tizimga o‘tilmoqda. Unga ko‘ra, rayonlashtirilgan ekish mavsumiga amal qilinadi. Ko‘chatlar ob-havo, gidrometeorologik ma’lumotlar va olimlar xulosalari asosida, hudud iqlimi va tuprog‘iga mos turlardan tanlanadi. Mahalliy, sho‘rlanish, sovuq, issiq va suvsizlikka chidamli turlarga ustuvorlik berilib, yer tayyorlash, tejamkor sug‘orish, mas’ullarni belgilash va 3 yillik parvarishni qamrab olgan to‘liq siklli yondashuv joriy etiladi. Loyihani amalga oshirish jarayoni elektron platforma, sun’iy intellekt va masofaviy monitoring orqali nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan “Mahallam — yashilzor” dasturi doirasida mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish, mikro-o‘rmonlar va kichik jamoat bog‘larini barpo etish, fuqarolarga daraxt ekish va parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, “3-30-300” tamoyili asosida yashil hududlarni ko‘paytirish, kompostlash va mulchalashni keng joriy etish, “Yashil lot”larni tashkil qilish hamda “Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. 2027-yildan davlat tashkilotlarida gazon ekish bosqichma-bosqich cheklanib, mavjud gazonlarni suv tejovchi kseriskeyping usuliga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 2026-yil kuz mavsumida jami 140 ming tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.









