O‘zbekiston OTB forumida iqlim tashabbuslarini taqdim etdi
2026-09-23 11:40:00 / Yangiliklar

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi vakillari forumning mavzuli sessiyalarida ishtirok etib, iqlim o‘zgarishiga moslashish, iqlim xatarlarini baholash va ekologik boshqaruvning raqamli vositalarini rivojlantirish borasidagi milliy tajribani taqdim etdi.
OTB va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilash, cho‘llanish va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish, shuningdek, milliy iqlim ma’lumotlari tizimini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Xususan, O‘zbekiston OTBning atmosfera havosi sifatini yaxshilash va cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan mintaqaviy texnik ko‘mak loyihalariga jalb etiladi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va sun’iy intellektdan foydalangan holda milliy iqlim ma’lumotlari platformasini rivojlantirish, shuningdek, Iqlim va toza havo koalitsiyasi (CCAC) doirasida qora uglerod chiqindilarini qisqartirish va havo sifatini yaxshilash bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Forumdagi ishtirok O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, ekologik va iqlim tashabbuslarini amalga oshirish uchun texnik va moliyaviy ko‘makni jalb etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.



