Toshkentda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mutaxassislari uchun "Yagona salomatlik" va bioxavfsizlik bo‘yicha trening bo‘lib o‘tmoqda
2026-09-22 15:00:00 / Yangiliklar

Treningni yovvoyi tabiat veterinari, tibbiyot fanlari doktori Mark Tran Valitutto olib bormoqda. U zoonoz kasalliklarni monitoring qilish, yovvoyi tabiat salomatligi va laboratoriyadan tashqari dala sharoitlarida bioxavfsizlik yo‘nalishlarida 20 yillik tajribaga ega. Shuningdek, dala sharoitlari uchun biologik xavfsizlik darajalari va faoliyatga asoslangan shaxsiy himoya vositalari kategoriyalarini ishlab chiqqan.
Trening “Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimlarini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklar paydo bo‘lishiga landshaftlarning chidamliligini oshirish” yo‘nalishidagi mintaqaviy loyiha doirasida tashkil etilmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN)ning Markaziy Osiyodagi ofisi vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, “Saygachiy”, “Janubiy Ustyurt”, “Chotqol” va “Zarafshon” kabi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mutaxassislari jalb etilgan.
Ikki kunlik o‘quv dasturi yovvoyi hayvonlar, chorva mollari va insonlar o‘rtasida kasalliklarning tarqalish xavfini aniqlash, erta ogohlantirish va monitoring tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda faoliyat yurituvchi mutaxassislarning bioxavfsizlik bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan.
Treningda METHda zoonoz kasalliklarning tarqalish xavfi, kasalliklarni kuzatish va erta ogohlantirish, dala sharoitida bioxavfsizlik, biologik xavf darajalarini baholash hamda shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanish masalalari o‘rganilmoqda. Dastur doirasida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilib, ishtirokchilar turli vaziyatlar asosida xavflarni baholash va tegishli choralarni belgilashga e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, trening dasturidan yovvoyi hayvonlar orasidagi kasalliklar xavfini tahlil qilish, kasalliklarning ommaviy tarqalishi holatlarini tekshirish, namunalar olish, ma’lumotlarni boshqarish, ekoturizmda inson va yovvoyi hayvonlar o‘rtasidagi aloqalar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish, qolaversa, manfaatdor tomonlarni aniqlash va xavflarni samarali kommunikatsiya qilishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Yakunda “Yagona salomatlik” harakatlar rejasini ishlab chiqish, aniqlangan xavf va manfaatdor tomonlarni hisobga olgan holda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, bilimlarni baholash, ishtirokchilarning fikr-mulohazalarini tinglash ham rejalashtirilgan. Trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshiriladi.
Mazkur trening tabiatni muhofaza qilish, yovvoyi tabiat salomatligi va bioxavfsizlik yo‘nalishlarida mutaxassislar salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.









