"Yashil makon": mahallalarda soyali sayr ko‘chalari tashkil etilmoqda
2026-09-21 10:15:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda Prezident tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab "Yashil makon" umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida bugunga qadar har yili bahor va kuz mavsumlarida jami 200 million donadan kam bo‘lmagan mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlarini ekib kelinmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Аtrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi Prezident Farmoniga ko‘ra, yurtimizdagi aholi yuradigan asosiy trotuarlarda “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish belgilab berilgan. Bu havo ifloslanishini 5-10 foizga va trotuarlar bo‘ylab havo haroratini 3-5 darajaga kamaytiradi. Qolaversa, aholining jismoniy faolligini oshirib, sog‘lom turmush tarzini olib borish imkoniyatini yaratadi.
"Saykal" mahallasi hududida 550 tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, 700 metr hudud ko‘kalamzorlashtiriladi. Natijada jazirama vaqtida salqinlik ta'minlanib, yer sirtidagi harorat +43 darajadan +35 darajaga, asfalt sirtida esa +48 darajadan +39 darajagacha tushadi.
Ta'kidlash joizki, hududlarda yashillik darajasini oshirishda 3-30-300 tamoyiliga amal qilinmoqda. Bunda har bir inson o‘z uyi derazasidan kamida 3 tup katta daraxtni ko‘ra olishi kerak. Bu inson ruhiyatiga ijobiy ta'sir qilib, stressni kamaytiradi va diqqatni jamlashga yordam beradi. Shuningdek, har bir mahallaning (yoki tuman hududining) kamida 30 foizi daraxtlar bilan qoplangan bo‘lishi lozim. Bu shaharlardagi jazirama issiqni (issiqlik orollari effektini) kamaytirish, havoni tozalash va soyalilikni ta'minlash uchun zarur bo‘lgan minimal miqdordir.
Bundan tashqari, har bir xonadon eng yaqin istirohat bog‘i, xiyobon yoki yashil hududdan uzog‘i bilan 300 metr masofada joylashishi kerak. Bu taxminan 5 daqiqalik piyoda yo‘l demakdir. Bunday yaqinlik insonlarni faol jismoniy harakatga, toza havoda sayr qilishga va ijtimoiy muloqotga undaydi. Bugungi kunda 3-30-300 tamoyili butun dunyoda ko‘plab ilg‘or shaharlarni rejalashtirishda va ekologik strategiyalarni tuzishda keng qo‘llanilmoqda.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar respublikadagi yashillik darajasini oshirish, iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish kabi maqsadlarga tezroq erishishga xizmat qiladi.
