O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining tabiiy resurslarga ta’sirini kamaytirish masalalari muhokama qilinmoqda
2026-09-16 18:10:00 / Yangiliklar

Konferensiyaning ochilish marosimida nutq so‘zlagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov bugungi kunda iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi oldidagi eng jiddiy muammolardan biri ekanligi, mintaqada harorat ko‘tarilishi, yog‘ingarchilik rejimining o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va ekstremal ob-havo hodisalari tobora ko‘payib borayotganligi, ayniqsa, tog‘ muzliklarining qisqarishi va qor qoplamidagi o‘zgarishlar jiddiy xavotir uyg‘otayotganligini ta’kidladi. O‘z navbatida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanganligini qayd etdi.
“O‘zbekistonning 2035-yilga qadar issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yilga nisbatan 50 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va barqaror rivojlanishning boshqa yo‘nalishlarini ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Yana bir muhim maqsad — 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 54 foizga yetkazishdir”, — dedi Iskandar Qutbiddinov.
Qolaversa, havo sifati, bioxilma-xillikni asrash, chiqindilarni boshqarish, ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, ekologik ta’lim va madaniyat yo‘nalishlaridagi beshta umummilliy ekologik loyiha hamda “Yashil makon” doirasida qilinayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, mintaqaviy ilmiy hamkorlik va iqlim bo‘yicha bilim almashinuvini kuchaytirish, iqlim ssenariylarini ishlab chiqish va yog‘ingarchilikni prognozlash imkoniyatlarini takomillashtirish, chang va qum bo‘ronlarining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, kabi muhim takliflar bildirildi.
Konferensiya dasturidan yalpi majlislar, ilmiy-texnik sessiyalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi maxsus sessiyalar, iqlim siyosati va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha panel muhokamalari, sun’iy intellekt, GAT, masofadan zondlash va iqlim xizmatlariga bag‘ishlangan innovatsion sessiyalar o‘rin olgan. Unda 50 ga yaqin xorijlik va mahalliy mutaxassislar, olimlar ishtirokida iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslarning barqaror rivojlanishi, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari va kriosfera, amaliy klimatologiya va iqlim xizmatlari: energetika, qurilish, transport, agrometeorologiya va iqlim migratsiyasi uchun innovatsion yechimlar, suv va iqlimni tadqiq etishning zamonaviy usullari: izotop gidrologiyasi va meteorologiya, iqlim o‘zgarishi sharoitida geoturizm va glyatsioturizm: salohiyati, rivojlanishi va barqaror boshqaruvi kabi mavzular muhokama qilinmoqda.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad — ilmiy salohiyatni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishining tabiiy resurslarga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun xalqaro platforma yaratishdir. Bu Markaziy Osiyoda iqlim barqarorligini oshirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.









