O‘zbekiston Koreya Respublikasida Markaziy Osiyoda “yashil" hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi
2026-09-16 15:00:00 / Yangiliklar

Forumda O‘zbekistonning ko‘kalamzorlashtirish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash sohasidagi natijalari va ustuvor yo‘nalishlari taqdim etildi. Xususan, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 1 milliarddan ortiq ko‘chat ekilgani, mamlakatning ko‘kalamzorlashtirish darajasi 8 foizdan 14 foizgacha oshirilgani va uni 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish maqsad qilingani qayd etildi.
Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etilgani, shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda o‘rmon landshaftlarini tiklash va ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Vazirlar dialogida esa O‘zbekiston tomonidan «Koreya – Markaziy Osiyo: Yashil hamkorlik»ni shakllantirish hamda «Markaziy Osiyoning yashil qalqoni» tashabbusining amaliy ijrosiga o‘tish taklifi ilgari surildi. Bunda Koreya Respublikasi, UNCCD va Osiyo o‘rmon xo‘jaligi hamkorlik tashkiloti (AFoCO) ishtirokida tajriba hududlarini, o‘lchanadigan ko‘rsatkichlarni, muddatlarni va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash taklif etildi.
Qolaversa, saksovulzorlarni saqlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy dasturni yaratish tashabbusiga e’tibor qaratildi. Mazkur dastur genetik tadqiqotlar, urug‘chilik texnologiyalari, sun’iy yo‘ldosh monitoringi, sun’iy intellekt va saksovulzorlarning Yagona raqamli atlasini yaratishni qamrab oladi.
Bundan tashqari, yerlarni tiklashga investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Koreya kompaniyalari va moliya institutlari ishtirokida mintaqaviy uglerod xabini tashkil etish taklif qilindi. Shu bilan birga, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) va Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) bilan hamkorlikda cho‘l va qurg‘oqchil hududlarda uglerod loyihalarini amalga oshirishning yuqori qiymati va murakkabligini hisobga oladigan “Arid Lands Carbon Standard”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbirda “Green University” huzuridagi Cho‘llanishga qarshi kurashish va cho‘l iqtisodiyotini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti mintaqaviy ilmiy-amaliy platforma sifatida belgilandi. Ushbu platforma negizida koreyalik va Markaziy Osiyolik olimlar ishtirokida qo‘shma tadqiqotlar, dala sinovlari va pilot loyihalar amalga oshiriladi.




