16-sentabr — Xalqaro Ozon qatlamini muhofaza qilish kuni
2026-09-16 13:00:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, Monreal protokolida ozon qatlamiga zarar yetkazuvchi qariyb 100 turdagi kimyoviy moddalardan foydalanish va ularni ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich qisqartirish choralari belgilangan. 2016-yilda Ruandaning Kigali shahrida qabul qilingan Kigali tuzatishi esa ushbu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. U kuchli issiqxona gazlari hisoblangan gidroftoruglerodlarni (HFC) bosqichma-bosqich kamaytirish hamda energiya tejamkor va ekologik xavfsiz sovitish texnologiyalariga o‘tishni jadallashtirishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston tomonidan ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha bir necha yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Xususan, mamlakat 1993-yil 18-mayda Vena konvensiyasi va Monreal protokoliga qo‘shilgan. Keyinchalik London, Kopengagen, Monreal va Pekin tuzatishlarini ratifikatsiya qilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 17-son qarori asosida ozonni buzuvchi moddalar hamda tarkibida ular mavjud mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish davlat tomonidan tartibga solinadi.
Bundan tashqari, HCFC moddalaridan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Sovutish va konditsioner tizimlarida qo‘llanadigan gidroxlorftoruglerodlar (HCFC) ozon qatlamini yemiruvchi moddalar hisoblanadi. Monreal protokoli doirasida O‘zbekiston uchun ularni qisqartirish bo‘yicha aniq bosqichlar belgilangan. Ayni damda mamlakatda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarning 99,9 foizi muomaladan chiqarilgan. Bu Monreal protokoli majburiyatlarini bajarish bo‘yicha sezilarli natijadir.
Ma’lumot uchun, Ozon qatlamining o‘rtacha qalinligi taxminan 3 millimetrga teng. Ozon molekulalari (O₃) yer yuzidan 10 km masofadan 50 km gacha bo‘lgan oraliqda tarqalgan. Ular quyoshning zararli ultrabinafsha nurlarini ushlab qoladi. Ozon qatlamiga xavf tug‘diruvchi moddalar, asosan, xlorftoruglerodlar, gallonlar, metilbromid va boshqa kimyoviy moddalardir. Ushbu moddalarning atmosferaga chiqishi ozon molekulalarini parchalaydi. Ozon qatlamining yemirilishi esa nafaqat insoniyat, balki atrof-muhit uchun ham juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
