Davlat budjeti ijrosi muhokama qilindi
2026-09-14 18:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning tizim tashkilotlarini saqlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish tadbirlari uchun respublika budjetidan mablag‘lar ajratilishi ta’minlangan. Mazkur mablag‘larning 274 milliard so‘mi yangi tashkil etilgan Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadli jamg‘armasiga yo‘naltirilgan.
Mazkur jamg‘arma mablag‘lari hisobidan hayvonot va o‘simlik dunyosi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastrlarini yuritish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tabiiy hududlarning suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash va biologik xilma-xillikni hisobga olishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham qayd etildi. Hisobot davrida ushbu loyiha doirasida 104 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etilib, 183 ming dona ko‘chat ekilgan. Shuningdek, 21,7 ming gektar maydonda daraxt va butalarni kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish tadbirlari amalga oshirilgan.
Cho‘llanish va qum ko‘chishining oldini olish maqsadida hisobot davrida 1 007 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 8,6 million dona ko‘chat yetishtirilgani ham qayd etildi.
Fraksiya a’zolari davlat budjeti xarajatlarini “yashil” budjetlashtirish tamoyillari asosida baholash natijalariga ham e’tibor qaratdilar. Hisobotga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarim yilligida jami 205,6 trillion so‘mlik budjet xarajatlari ushbu tamoyillar asosida tasniflangan. Shundan 10,2 foizi atrof-muhit maqsadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi “A” toifaga, 3,7 foizi ijobiy va salbiy ta’sirlar uyg‘unligiga ega “B” toifaga kiritilgan. Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi “C” toifa xarajatlari 0,04 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish sohasidagi ko‘rsatkichlar ham muhokama qilindi. Hisobot davrida aholining maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati bilan qamrab olinganlik darajasi 64 foizni, chiqindilarni qayta ishlash darajasi esa 6,5 foizni tashkil etgan. Yil yakuniga qadar chiqindilarni saralash va qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirish, poligonlarni rekultivatsiya qilish hamda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish belgilangan.
Muhokamalar davomida, shuningdek, budjet mablag‘laridan ekologik maqsadlarda samarali va natijador foydalanish, amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy samaradorligini oshirish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash muhimligi qayd etildi.




