Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyati takomillashtiriladi
2026-09-11 16:10:00 / Yangiliklar
Yangi normalar ov qilish jarayonlarini tizimlashtirish, ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning shaffof mexanizmlarini yaratishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, ovchilik guvohnomalarini berish davlat xizmatlari orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda. Yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari — ovchilik yo‘llanmalarini berish maxsus elektron dastur orqali amalga oshiriladi. Bu ov qilish jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ov qilish joylari aniq belgilanadi. Ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirilgan joylarda, shuningdek, belgilangan erkin ov qilish joylarida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Erkin ov qilish joylari vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Qolaversa, ovchilik xo‘jaliklari uchun yer ajratishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan ovchilik bazalarini tashkil etish uchun 10 gektargacha, pitomniklar barpo etish uchun 100 gektargacha yer uchastkalarini investitsiyaviy va shartnomaviy majburiyatlar asosida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish nazarda tutilmoqda. Bunda yerdan foydalanish faqat ov qilish bilan cheklanmaydi. Pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish, ularni tabiiy muhitga qayta joylashtirish va ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni oshirishga qaratilgan faoliyatga ham imkoniyat yaratiladi.
Bundan tashqari, pitomniklar tashkil etish bo‘yicha majburiyat belgilanadi. Agar yer ijaraga berilganidan keyin 2 yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomnik infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinishi belgilanmoqda.
Qonunga ko‘ra, ov kvotalarini belgilashda ilmiy yondashuv kuchaytiriladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni belgilash va taqsimlashning ilmiy asoslangan mexanizmlari mustahkamlanadi. Bu hayvonlar soni va populyatsiyalarini hisobga olgan holda ov qilish hajmini belgilash imkonini beradi.
Shu bilan birga, pitomniklarda yetishtirilgan hayvonlarni tabiiy muhitga qo‘yib yuborish rag‘batlantiriladi. Ovchilik xo‘jaliklariga pitomniklarda yetishtirilib, tabiiy muhitga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga mutanosib ravishda, ularning urchish davridan tashqari vaqtlarda ov qilishni tashkil etish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunning asosiy maqsadi — ovchilik sohasida yagona va shaffof huquqiy mexanizmlarni shakllantirish, ov qilish ustidan nazoratni kuchaytirish, hayvonot dunyosi resurslaridan oqilona foydalanish va ovchilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bilan birga bioxilma-xillikni saqlashdir. Shu tariqa, ovchilik faoliyatini faqat ov qilish jarayoni sifatida emas, balki yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, ularni ko‘paytirish, tabiiy muhitni asrash va ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirish bilan uyg‘unlashtirgan holda tashkil etish uchun huquqiy asoslar kuchaytirilmoqda.
Qonun 2026-yil 10-sentabrdan kuchga kirdi.
