Markaziy Osiyo yoshlari uchun Zarafshon milliy tabiat bog‘iga sayohat tashkil etildi
2026-09-10 16:00:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo yoshlarining uchinchi submintaqaviy iqlim konferensiyasi iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlandi. Unda mintaqaning 9 davlatidan 100 nafarga yaqin yoshlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Tadbir davomida iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, cho‘llanish, muzliklarning erishi, yashil innovatsiyalar va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilinib, yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan amaliy yechimlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sessiyalari, amaliy seminarlar, muloqotlar, madaniy almashinuv hamda yoshlar boshchiligidagi ekologik tashabbus va innovatsiyalar taqdimotlari tashkil etildi.
"Zarafshon"ga sayohat davomida milliy bog‘ning hayvonot va o‘simlik dunyosiga bag‘ishlangan maxsus interaktiv o‘yinlar orqali yoshlar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, turli topshiriqlarni bajarish va savollarga javob berish orqali bellashdilar. Faol ishtirok etgan jamoalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari uchun ijodiy va ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etildi. Jumladan, yoshlar xongul (Buxoro bug‘usi) suratini chizib, tabiat va uni muhofaza qilish g‘oyalarini san’at orqali ifodalash imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar o‘rtasida savol-javob estafetasi o‘tkazilib, ularning ekologik bilim va dunyoqarashlari yanada boyitildi.
Mazkur tashrif yoshlarning tabiatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muhofazasi masalalarida xalqaro yoshlar hamkorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.



