Ekologiya qo‘mitasi "Avtomobilsiz kun" aksiyasida faol ishtirok etmoqda
2026-09-10 13:00:00 / Yangiliklar

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov xizmat avtomobilidan voz kechib, jamoat transportidan foydalandi. Qo‘mita xodimlari ham ishga avtobus va metroda kelishdi.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan havoga chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish va bu orqali ekologik barqaror muhitni shakllantirish, shuningdek, jamoat transporti va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Ekologiya qo‘mitasi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda yurtdoshlarimizni aksiyada faol qatnashishga, atmosferaga zararli tashlamalar chiqarmaydigan "yashil" transport vositalari, elektromobillar va jamoat transportidan ko‘proq foydalanishga chaqiradi!









