Navoiy viloyati “yashil” texnikumining asosiy vazifalari belgilandi
2026-09-10 11:50:00 / Yangiliklar

Qarorda texnikumning asosiy vazifalari belgilab berildi. Xususan, unga ko‘ra Navoiy viloyati "yashil" texnikumi mehnat bozori ehtiyojlari hamda “yashil” iqtisodiyot uchun malakali oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash va oʻquvchilarda “yashil” koʻnikmalarni shakllantirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish,
oʻquvchilarda energiya samaradorligi, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ekologik madaniyat koʻnikmalarini shakllantirish, oʻquv dasturlariga “yashil” koʻnikmalarga oid mavzularni kiritish, “yashil” texnologiyalarni joriy etgan korxona va tashkilotlar bilan dual taʼlim shaklida oʻrta boʻgʻin kadrlari tayyorlashni yoʻlga qoʻyish kabi vazifalarni bajaradi.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayoniga soha, korxona va tashkilotlardan amaliyotchi mutaxassislar, oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari hamda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, nufuzli xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, tegishli kasbiy taʼlim darajalari boʻyicha kadrlar tayyorlash uchun zarur moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazani yaratish va oʻquv jarayoniga yuqori ish tajribasiga ega boʻlgan amaliyotchi mutaxassislarni jalb etib borish ham "yashil" texnikumning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Qarorga asosan texnikumga umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi hamda oʻquv jarayoni boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari asosida tashkil etiladi. Bundan tashqari, asosiy taʼlim dasturlariga qoʻshimcha ravishda kompetensiyalarni oʻzlashtirish va kvalifikatsiya berish hamda xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan qisqa muddatli kurslar ham tashkil etiladi.
