"ARTepa"da suv muammosiga bag‘ishlangan noodatiy ko‘rgazma ochiladi
2026-09-09 15:15:00 / Yangiliklar

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Shveysariya Taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko‘magida, "Markaziy Osiyo san’at va madaniyat dasturi" (CAACP) va «Art Station: so‘z erkinligi, badiiy ijod, inklyuziv muloqot va hamjamiyatni rivojlantirish chorrahasi» loyihasi doirasida o‘tkaziladi.
"O‘zaro oqimlar" — "ARTepa"da uch oy davomida (15-dekabrgacha) namoyish etilishi jarayonida rivojlanib, o‘zgarib boradigan ko‘rgazma. Uning asosini "Davra" tadqiqot jamoasining Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish va uni o‘zgartirish jarayonlarining ekologik, siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlar bilan qanday bog‘liqligiga bag‘ishlangan loyihasi tashkil etadi.
Ko‘rgazmada "Davra" jamoasining ishlari, jumladan, "Taming Waters and Women in Soviet Central Asia" (2024), shuningdek, Saodat Ismoilovaning "Stains of Oxus" (2016) filmi namoyish etiladi. Ushbu film Tojikiston muzliklaridan yo‘qolib borayotgan Orol dengiziga qadar Amudaryo bo‘ylab sayohat qiladi. Ularga Markaziy Osiyoning yosh rassomlari tomonidan loyihaning tadqiqot va rezidensiya bosqichlari doirasida yaratilgan yangi ishlar, jumladan, "ARTepa"da yaqinda o‘tkazilgan "EARTH, WATER & AIR" dasturi doirasidagi asarlar qo‘shiladi.
"O‘zaro oqimlar" ko‘rgazmasi — "DAVRA" tadqiqotining bir qismi bo‘lib, u turli ko‘rgazmalar, vorkshoplar va tadqiqot dasturlari orqali rivojlanib kelmoqda. Ular qatoriga "Matter of Art Biennale" (2024), "Lahore Biennale" (2024), "TOMORROWS – A Land of Water" (2024), "Socialist Anthropocene workshop" (2025) hamda "Water, Air and Earth" (2026) rezidensiyasi kiradi. "ARTepa"da mazkur loyiha o‘z rivojini davom ettirib, tadqiqotning turli bosqichlarida yaratilgan ishlar, g‘oyalar va natijalarni birlashtiradi.
Ko‘rgazma markazida insoniyatning suv va landshaft bilan munosabatlarini tabiatdan foydalanish, uni nazorat qilish va bo‘ysundirishdan tashqari qanday tasavvur qilish mumkinligi, shuningdek, atrof-muhit bilan o‘zaro munosabatning yana qanday muqobil usullari mavjud bo‘lishi mumkinligi haqidagi savol turadi.
Manzil: Astronomiya bog‘i, "ARTepa" galereyasi
Ochilish vaqti: 18:30
Lokatsiya: 📍
Ko‘rgazma 15-dekabrgacha davom etadi. Kirish bepul.
