Farg‘onadagi ko‘p qavatli uylardan birida rostdan ham akula boqilganmidi?
2026-09-04 20:35:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi ko‘p qavatli uylardan birining yerto‘lasida akula boqilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat Farg‘ona viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish natijasida Farg‘ona shahri "Muruvvat" MFYda yashovchi fuqaro T.M. tomonidan, aslida, akula emas, balki Siam somi balig‘i boqilayotganligi ma'lum bo‘ldi.
"Afsuski, internetda ko‘p qavatli uy yerto‘lasida akula boqilyapti, degan noto‘g‘ri xabar tarqalib ketdi. Buning uchun uzr so‘rayman. Hozirda baliqlarni yerto‘lada emas, uyimning hovlisiga joylashtirganman", — dedi fuqaro.
Ma'lumot uchun, Siam somi balig‘i akvarium balig‘i hisoblanadi. Tashqi ko‘rinishi akulaga o‘xshaganligi uchun “Akulasimon som” (Akuliy som) yoki shunchaki Pangasius nomi bilan ham tanilgan.
