“Dolzarb 40 kunlik”: yurtimiz kuniga 30 ming tonna chiqindidan tozalanmoqda
2026-09-01 19:30:00 / Yangiliklar
Ta’kidlash joizki, bayram munosabati bilan butun respublika miqyosida keng ko’lamli tozalik tadbirlari olib borilmoqda. Xususan, 28-iyuldan 6-sentabrgacha “Dolzarb 40 kunlik” tozalik tadbirlari doirasida hududlar chiqindilardan tozalanmoqda. Bunga har kuni o‘rtacha 4,5 ming dona maxsus texnika va 10 mingdan ortiq xodim jalb etilmoqda. Natijada kuniga 30-40 ming tonna, ya’ni 40 kunda 1 mln 400 ming tonna qattiq maishiy hamda 2 ming tonna qurilish chiqindilari olib chiqilib, utilizatsiya qilindi.
Tadbir aholi punktlarining sanitar holatini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan.
Ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ekologiya milliy qo’mitasi tasarrufidagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarida maxsus shtablar tashkil etildi. Hududlarga mas'ul xodimlar biriktirilib, tunu kun navbatchilik va kundalik monitoring yo'lga qo'yilgan.
Asosiy e'tibor obodonlashtirish, sanitariya tozaligi, maishiy va qurilish chiqindilarini tezkor olib chiqish, shuningdek, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilmoqda. Hozirgi kunga qadar respublikadagi 8 150 ta mahalladan 7 674 tasi aksiya tadbirlari bilan to‘liq qamrab olingan.
Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat ishlari ham davom ettirilmoqda. Chiqindilar bilan bog'liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularga nisbatan jami 165,4 million so'm miqdorida ma'muriy jarimalar qo'llanilgan.
Mustaqillik bayrami arafasida bozorlar, savdo majmualari, bog'lar va dam olish maskanlarida tozalikni ta'minlash choralari kuchaytirildi. Sanitariya tozalash va obodonlashtirish xizmatlarining tun-u kun navbatchiligi tashkil etildi.
Shuningdek, maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ta'mirlash ishlari natijasida hosil bo'layotgan chiqindilar olib chiqilmoqda. Bu yangi o'quv yili boshlanishi arafasida toza va qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesishdan hosil bo'lgan shox-shabbalar hamda yog'och qoldiqlari kompostlash va organik o'g'itlar ishlab chiqarish uchun yo'naltirilmoqda. Shu bilan birga, poligonlarni obodonlashtirish va yong'inlarning oldini olish bo'yicha qo'shimcha choralar ko'rilmoqda.
Aholi bilan ishlash doirasida fuqarolardan kelib tushgan 327 ta murojaat ko'rib chiqildi. Shundan 275 tasi joyida hal etilgan bo'lsa, 52 tasi o'rganish jarayonida qolmoqda. Barcha hududlardagi ishchi guruhlar faoliyati Respublika shtabi tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Shu bilan birga, Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi DM tomonidan ham “Dolzarb 40 kunlik” tozalik tadbirlari oʻtkazilib, respublika boʻyicha chiqindi poligonlariga joylashtirildi.
"Dolzarb 40 kunlik" aksiyasi doirasidagi ishlar tasdiqlangan reja asosida davom ettirilmoqda.
