Ekologiya sohasi fidoiylari e’tirof etildi
2026-08-28 19:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha sohalarda, xususan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishilganligini qayd etdi.
“Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini sog‘lom tabiiy muhitsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Toza havo, toza suv, unumdor yer, yashil hududlar va boy bioxilma-xillik — bular tabiat boyliklari emas, balki xalqimiz salomatligi, iqtisodiyotimiz barqarorligi va milliy xavfsizligimizning muhim asosidir. Shu bois muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish tizimi izchil takomillashtirilib, sohada nazorat, raqamlashtirish va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. “Yashil makon”, “Toza havo”, “Chiqindidan xoli hudud”, “Eko madaniyat” va “Bio-meros” umummilliy loyihalari aholi hayotiga tobora chuqur kirib bormoqda”, — dedi u.
Rais o‘z navbatida erishilgan natijalarda Qo‘mita va tizim tashkilotlari, xalqaro hamkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va yurtimizdagi barcha ekofaollarning hissasi katta ekanligini ta’kidlab, bir guruh ekologiya fidoiylarini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda ekologik masalalar muhokama qilinadigan muhim markazga aylandi. Samarqandda MDH va Markaziy Osiyoda ilk bor BMTning ekologiya sohasidagi qator konferensiyalari va GEF Assambleyasi o‘tkazildi. Shuningdek, “Green University” va barcha hududlarda 14 ta “yashil” texnikumlar tashkil etildi. 5 ta umummilliy loyiha (“Yashil makon”, “Ekomadaniyat”, “Bio meros”, “Toza havo”, “Chiqindidan xoli hudud”) yo‘lga qo‘yildi. “Ekopolitsiya” tashkil etilib, unga huquqni muhofaza qiluvchi organ maqomi berildi.
Bundan tashqari, 522 ta sanoat korxonasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatildi va modernizatsiya qilindi. Atmosferaga tashlamalar miqdori 163,5 tonnaga kamaydi. “Toza havo” oyligi doirasida jami 1,5 mln dan ortiq transport vositalari eko-nazoratdan o‘tkazildi. Eko-stiker tizimi joriy qilindi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 793 million tupdan ortiq ko‘chatlar ekildi. 367 ta “yashil bog‘” va “yashil jamoat parklari” barpo etildi. Toshkentda “Astronomiya parki” barpo etildi hamda “Milliy dendrologiya bog‘i” barpo qilinmoqda. 728 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar, Orolda 645 ming gektar maydonda yashil qoplamalar, cho‘l va tog‘oldi hududlarda 8448 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 4,5 mln gektarga yetkazildi. Shu bilan birga, sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olish darajasi 90 foizga yetkazildi, 240 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 50 ta poligon faoliyati to‘xtatilib, 255 gektar maydon tabiatga qaytarildi. 20 ta poligonda chiqindilar saralanib, 100 ming tonna ikkilamchi xomashyo qayta ishlandi va 620 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shu bilan birga, 80 ta pitomnik tashkil etildi, 10 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni kengaytirildi. 3 ta yangi milliy tabiat bog‘i tashkil qilindi. METHlar umumiy soni 27 taga, maydoni esa mamlakat hududining 15,7 foiziga (7,0 mln ga) yetkazildi. Sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali 254,1 mln dona daraxtning raqamli xaritasi yaratildi. Toshkent shahrida 600 mingdan ortiq daraxtlarning elektron pasporti shakllantirildi. 99 ta meteorologik stansiya, 17 ta agrometeorologik postlar, 32 ta gidrologik postlar va 58 ta havo sifati monitoringi punktlari yangidan qurildi, rekonstruksiya qilindi va kuzatuv punktlari tashkil etildi. “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda 28 ta avtomatik stansiyalar o‘rnatildi.







