Degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikning yangi mexanizmlari taklif etildi
2026-08-26 14:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muhiddinov yerlarning degradatsiyaga uchrashi ko‘lami tizimli yondashuvni talab qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining qariyb 30 million gektarini tabiiy cho‘l va qurg‘oqchil landshaftlar tashkil etadi, 11 million gektardan ortiq yer allaqachon degradatsiyaga uchragan deb tasniflangan, mamlakat hududining qariyb 70 foizi esa cho‘llanish xavfi ostida.
“Tiklash ishlari tarqoq chora-tadbirlarga asoslanishi mumkin emas. Bizga ilmiy jihatdan asoslangan, texnologik sinovdan o‘tgan, o‘lchash va keng miqyosda joriy etish imkonini beradigan yechimlar kerak”, — deya ta’kidladi u.
Uchrashuvda xalqaro ilmiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Xitoy ilmiy muassasalari, jumladan, Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda ekotizimlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish, galofit bog‘larini rivojlantirish, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli o‘simliklarni joriy etish, ekologik monitoring hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirmoqda.
2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo ekologiyasi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha O‘zbekiston–Xitoy tadqiqot markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, u kelgusidagi ilmiy tadqiqotlar va amaliy hamkorlik uchun muhim platformaga aylandi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston alohida tadqiqot loyihalaridan qo‘shma mintaqaviy texnologik dasturlarga o‘tishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Qurg‘oqchil yerlar bo‘yicha Markaziy Osiyo–Shimoliy Osiyo texnologiyalar va loyihalar laboratoriyasini tashkil etish, yerlarni tiklash sifatini baholashning mintaqaviy standartini hamda monitoring va verifikatsiya (MRV) tizimini ishlab chiqish, shuningdek, yaylovlardan barqaror foydalanish va mahalliy hamjamiyatlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Bunday loyihalar doirasida qumlarni barqarorlashtirish, yaylovlarni tiklash, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli o‘simlik turlaridan foydalanish, suvdan aniq va samarali foydalanish, shuningdek, raqamli hamda sun’iy yo‘ldosh monitoringi texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston, shuningdek, zamonaviy yerlarni tiklash texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va namoyish etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va boshqa qurg‘oqchil hududlardan pilot maydonlarni taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Xitoy va boshqa mamlakatlar tajribasini birlashtirish mahalliy tadqiqotlardan qo‘shma texnologiyalarni ishlab chiqishga, pilot loyihalardan ularni keng miqyosda joriy etishga, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashdan esa qurg‘oqchil hududlarda barqaror va samarali iqtisodiyotni shakllantirishga o‘tish imkonini berishini ta’kidladilar.



