O‘zbekistonda eko-tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi o‘quv dasturi boshlandi
2026-08-25 13:00:00 / Yangiliklar

Dastur BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) “Shaharlarda aylanma iqtisodiyot va chiqindilarni boshqarishni rag‘batlantirish” loyihasi doirasida Toshkent, Angren va Nukus shaharlarida tashkil etilmoqda.
Olti hafta davom etadigan bepul dasturda 100 dan ortiq tadbirkor, startap asoschisi va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs ishtirok etyapti. Ishtirokchilarning 50 foizga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi.
Dastur doirasida ishtirokchilar:
- 12 ta amaliy mashg‘ulotda qatnashadi;
- tajribali mutaxassislardan mentorlik oladi;
- biznesini rivojlantirish uchun 10 ming AQSh dollarigacha grant yutib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyiha “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5, 8, 11, 12 va 17-maqsadlariga hissa qo‘shadi.
Bu orqali ekologik muammolarga innovatsion yechimlar taklif qiladigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda chiqindilarni kamaytirish hamda aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.




