Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish — asosiy vazifa
2026-07-15 18:00:00 / Yangiliklar

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash va ularda ko‘tarilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimizning 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq va samarali muloqotni ta’minlash, fuqarolarning murojaat qilish huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Muhokamalarda aholi murojaatlari bilan ishlash davlat organlari faoliyati samaradorligini baholashning muhim mezonlaridan biri ekani qayd etildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha ham murojaatlar tahlil qilindi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida qo‘mita tizimiga 28 168 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 51 foizga ko‘pdir. Murojaatlarning 92,2 foizi qanoatlantirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari, ushbu xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik, atmosfera havosining ifloslanishi hamda daraxtlarni muhofaza qilish masalalariga to‘g‘ri kelmoqda. Qayd etilganidek, murojaatlar sonining ortishi chiqindilarni boshqarish tizimi qamrovining kengayishi, raqamli billing tizimlarining joriy etilishi, 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markazlar ishga tushirilishi hamda aholining murojaat qilish imkoniyatlari kengayishi bilan ham bog‘liq.
Yig‘ilishda qo‘mitada murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari joriy etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida murojaatlar bilan ishlashning yagona tartibi tasdiqlanib, Prezident Xalq qabulxonalari bilan hamkorlik kuchaytirildi, mas’ul xodimlarning malakasini oshirish va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar amalga oshirildi.
Muhokama yakunida davlatimiz rahbari raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish, ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt bartaraf etish hamda sohalardagi tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

