“Baliq ovlash to‘rlari. Texnik shartlar” milliy standarti tasdiqlandi
2026-08-20 11:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 80-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida, xususan, sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarning milliy standartini ishlab chiqish va tasdiqlash maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi “Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti” davlat muassasasi tomonidan O‘zMSt 945:2026 “Baliq ovlash to‘rlari. Texnik shartlar” milliy standarti ishlab chiqildi.
Mazkur standart O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablariga muvofiq O‘zbekiston standartlar institutining 2026-yil 21-iyuldagi 24/MSt-26-son buyrug‘i bilan tasdiqlandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy standartlar fondiga kiritildi.
Standartda sanoat usulida baliq ovlash to‘rlariga qo‘yiladigan asosiy texnik talablar belgilangan. Xususan, to‘rlarning o‘lchamlari, mustahkamligi, foydalaniladigan xomashyo va materiallarga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, ularning suv ekotizimlariga zarar yetkazmasligini ta’minlashga qaratilgan tegishli me’yorlar nazarda tutilgan.
Ushbu standartning amaliyotga samarali joriy etilishi baliq ovlash to‘rlarining belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash, ulardan foydalanishda ekologik xavfsizlikni oshirish hamda suv bioresurslarini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Yangi milliy standart talablarini amaliyotga tatbiq etish, “O‘zMSt 945:2026” mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, baliqchilik sohasi vakillari va tegishli tashkilotlarni unda belgilangan talablar bilan tanishtirish maqsadida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, uning tarkibiy tuzilmalari hamda hududiy boshqarmalari tomonidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.






