Toshkentda “Aral Sea Wetlands” loyihasi Muvofiqlashtiruvchi kengashining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-08-19 11:45:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov hamda BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Anas Fayyad Karman hamraisligida o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar loyihaning 2026-yil II choragidagi amalga oshirilish natijalari, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek bioxilma-xillikni saqlash, degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash va ekologik boshqaruvni takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, hisobot davrida loyiha doirasida suv va yer resurslarini boshqarish sohasidagi mutaxassislar uchun 17 ta o‘quv seminari va trening tashkil etilgani qayd etildi.
Shuningdek, 2026-yil iyul oyida o‘tkazilgan uch kunlik media-ekspeditsiyaga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur ekspeditsiya ommaviy axborot vositalari vakillariga Amudaryoning quyi oqimidagi muhim tabiiy obyektlar va ekotizimlar bilan bevosita tanishish imkonini berdi. Safar yakunlari bo‘yicha hududning tabiiy salohiyati, ekologik muammolari hamda noyob ekotizimlarni asrash zarurati haqidagi ma’lumotlar OAVda keng yoritilib, jamoatchilik e’tiboriga yetkazildi.
Ishtirokchilar Orol havzasi tabiiy resurslari va ekotizimlarini saqlash hamda ulardan barqaror foydalanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mikro-grantlar dasturi doirasidagi masala va takliflarni ham muhokama qildilar.
Kun tartibidagi muhim masalalardan biri BMTTD O‘zbekistondagi loyihasi doirasida “Amudaryoning quyi oqimida degradatsiyaga uchragan va sho‘rlangan yerlarni tiklash uchun amaliy hamda innovatsion yechimlar” tanlovining ishga tushirilishi bo‘ldi. Tanlov degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash va mintaqa ekotizimlarining barqarorligini oshirishga qaratilgan amaliy innovatsion yechimlarni izlash va joriy etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, yig‘ilish doirasida ekologik boshqaruvni mustahkamlash va bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan amaliy huquqiy va institutsional choralar, salohiyatni rivojlantirish hamda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, loyiha doirasida 2026-yil III choragiga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi va byudjet ustuvorliklari muhokama qilindi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMTTD, GEF hamda boshqa hamkor tashkilotlarning qo‘shma faoliyati alohida tabiatni muhofaza qilish tashabbuslaridan ekotizimlarni tiklash, ekologik boshqaruvni mustahkamlash va Orol havzasining barqaror kelajagini shakllantirishga qaratilgan tizimli yechimlarga o‘tishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Orol havzasidagi suv-botqoq hududlarni saqlash nafaqat noyob tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish vazifasi, balki hududlarning barqaror rivojlanishi va turmush manbalari bevosita tabiat holatiga bog‘liq bo‘lgan aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.






