Ulan-Batorda cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha “COP17” konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-08-18 18:05:00 / Yangiliklar

Konferensiyaning ochilish marosimida Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Nyam-Osoryn Uchral, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi Ijrochi kotibi Yasmin Fouad, Saudiya Arabistoni Qirolligi Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, “COP16” raisi doktor Osama Ibrahim Faqeeha, shuningdek, Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetseg nutq so‘zladi.
Ochilish marosimida Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Nyam-Osoryn Uchral bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning asosiy vazifasi yangi deklaratsiyalarni qabul qilishdan ko‘ra, avval qabul qilingan majburiyatlarni amaliy natijalarga aylantirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
“COP17” avvalgi qarorlar va deklaratsiyalarni takrorlash konferensiyasi emas, balki ularni amalga oshirishni jadallashtirish konferensiyasiga aylanishi kerak”, – dedi Mo‘g‘uliston Bosh vaziri.
Bosh vazir o‘z nutqida bugungi kunda yerlarning degradatsiyasi nafaqat tuproq va o‘simlik qoplamining holati bilan bog‘liq ekologik muammo, balki oziq-ovqat va suv xavfsizligi, aholi turmush darajasi, sog‘liqni saqlash, migratsiya, iqtisodiyot, tinchlik va xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liq global muammo ekanini qayd etdi. Shuningdek, Mo‘g‘uliston hududining qariyb 77 foizi cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasi ta’siriga uchragani ta’kidlandi.
Marosimning muhim voqealaridan biri “COP” raisligining Saudiya Arabistoni Qirolligidan Mo‘g‘ulistonga rasman topshirilishi bo‘ldi. Konferensiya ishtirokchilari Mo‘g‘uliston Tashqi ishlar vaziri Batmunx Battsetsegni “COP17” raisi etib yakdillik bilan sayladi.
“COP17”ning yangi saylangan raisi Batmunx Battsetseg Mo‘g‘uliston konferensiya jarayonini ochiqlik, shaffoflik, inklyuzivlik va konsensus tamoyillari asosida olib borishini, turli pozitsiyalarni yaqinlashtirish va amaliy yechimlarga erishishga alohida e’tibor qaratilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra yerlarni tiklashni faqat ekologik vazifa sifatida ko‘rib chiqmaslik kerak. Avvalo, bu insonlar farovonligi, iqtisodiy barqarorlik, jamiyatlarning tashqi ta’sirlarga qarshi turish qobiliyati va tinchlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan uzoq muddatli investitsiyadir.
O‘z navbatida, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi Ijrochi kotibi Yasmin Fouad konferensiyaning asosiy vazifasi qabul qilingan majburiyatlarni real loyihalar, investitsiyalar va joylardagi amaliy o‘zgarishlarga aylantirishdan iborat ekanini ta’kidladi.
“COP17” natijalar va amaliy amalga oshirish konferensiyasiga aylanishi kerak”, – deya ta’kidladi Yasmin Fouad.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilik oqibatlari milliardlab odamlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois yerlarni tiklash masalasini oziq-ovqat va suv xavfsizligi, aholining tirikchilik manbalari hamda jamiyatlar barqarorligini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liq holda ko‘rib chiqish zarur.
“COP16” raisi doktor Osama Ibrahim Faqeeha Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan “COP16” natijalarini yanada rivojlantirish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish, yer resurslarini barqaror boshqarish va xalqaro moliyalashtirish mexanizmlarini mustahkamlash “COP17”ning muhim vazifalaridan bo‘lishini qayd etdi. U xalqaro tashkilotlar, davlatlar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.
“COP17”da Konvensiyaning 197 Tomoni delegatsiyalari, shuningdek, davlat va hukumatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari, olimlar, yoshlar, mahalliy va tub xalqlar vakillari, chorvadorlar hamda fermerlar ishtirok etmoqda.
Ikki hafta davom etadigan konferensiya doirasida yerlarni tiklash, qurg‘oqchilikka chidamlilik, suv va yer resurslarining o‘zaro bog‘liqligi, yaylovlarni barqaror boshqarish, tuproq salomatligi, oziq-ovqat tizimlari, ilm-fan va siyosat integratsiyasi, innovatsiyalar, texnologiyalar va moliyalashtirish masalalari asosiy muhokama mavzulari bo‘ladi.
2026-yil BMT tomonidan “Xalqaro yaylovlar va chorvadorlar yili” deb e’lon qilingani ham alohida ahamiyatga ega. Bu “COP17” doirasida yaylov ekotizimlarini muhofaza qilish, tiklash va ulardan barqaror foydalanish masalalarini global siyosiy kun tartibining yuqori darajasiga olib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Shu tariqa, Ulan-Batorda bo‘lib o‘tayotgan “COP17” avvalgi konferensiyalarda qabul qilingan siyosiy majburiyatlarni aniq loyihalar, moliyaviy mexanizmlar, texnologik yechimlar va joylardagi sezilarli amaliy natijalarga aylantirishga yo‘naltirilgan konferensiya bo‘lishi kutilmoqda.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish hamda degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash borasidagi keyingi harakatlarini belgilab beradigan muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.






