O'zbekiston "COP17"da milliy pavilyon bilan faol ishtirok etmoqda
2026-08-18 11:05:00 / Yangiliklar

Nufuzli xalqaro konferensiya yerlarning degradatsiyasi va cho'llanishining oldini olish, qurg'oqchilikka chidamlilikni oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, yaylovlardan barqaror foydalanish, shuningdek, qum va chang bo'ronlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish sohasidagi global hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Konferensiyada Konvensiya ishtirokchi davlatlarining delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy-tadqiqot va ekspert doiralari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi "COP17" konferensiyasida O'zbekiston milliy pavilyoni bilan ishtirok etmoqda. Mazkur pavilonda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda cho'llanish va yerlar degradiyasiga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash, o'rmonzorlar va yashil hududlarni kengaytirish, qurg'oqchilik, qum va chang bo'ronlari oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Orolbo'yi hududining ekologik barqarorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va amaliy chora-tadbirlar namoyish etilmoqda.
Shu bilan birga, pavilon xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, xorijiy hamkorlar, ekspertlar va ilmiy doiralar bilan muloqot qilish, yangi tashabbuslarni muhokama etish, istiqbolli loyihalarni shakllantirish, shuningdek, ilg'or tajriba va texnologiyalarni jalb qilish uchun samarali maydon bo'lib xizmat qilmoqda.
Konferensiyaning birinchi kunida Mo'g'uliston Bosh vaziri Nyam-Osoryn Uchralning O'zbekiston milliy paviloniga tashrifi alohida e'tiborga sazovor bo'ldi. Yuqori martabali mehmon pavilonda namoyish etilgan tashabbuslar hamda mamlakatimizning cho'llanishga qarshi kurashish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash sohasidagi amaliy yechimlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida Bosh vazirga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, cho'llanish va yer degradiyasiga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklash, qurg'oqchilikka chidamlilikni oshirish, qum va chang bo'ronlarining salbiy ta'sirini kamaytirish, o'rmon va yashil hududlarni kengaytirish, shuningdek, Orolbo'yi ekotizimlarini tiklash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar barpo etish va yerlar degradatsiyasi hamda iqlim o'zgarishi bilan bog'liq ekologik muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan keng ko'lamli amaliy chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.
Mo'g'uliston Bosh vaziri O'zbekistonning "COP17" konferensiyasidagi faol ishtirokini yuqori baholab, mamlakatimiz milliy pavilyonini tajriba va amaliy yechimlarni namoyish etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda konferensiya doirasida yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun foydali va samarali maydon sifatida e'tirof etdi.
Nyam-Osoryn Uchral, shuningdek, O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari orasida "COP17" doirasida milliy pavilyon bilan faol ishtirok etayotganini alohida ta'kidlab, bunday format mamlakatlar o'rtasida tajriba almashinuviga va ekologik muammolarga birgalikda yechim topish borasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
O'zbekistonning "COP17" konferensiyasidagi ishtiroki va milliy pavilyon faoliyati davom etmoqda. Konferensiya doirasida yerlarni tiklash, cho'llanishga qarshi kurashish va ekotizimlar barqarorligini oshirish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama uchrashuvlar, tematik tadbirlar va taqdimotlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.









