FAO bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2024-09-06 15:55:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, qo‘shma mavjud loyihalarni amalga oshirish va yangilarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Xususan, oziq-ovqat chiqindilarini (food waste) kamaytirish boʻyicha milliy dasturni ishlab chiqish va uni taʼlim dasturiga kiritish, “Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarini oʻzaro bogʻlash” (CAWLN) mintaqaviy dasturini amalga oshirish, umumiy qiymati 26 million dollar miqdorida grant mablagʻlari, yangi pestitsidlar va kimyoviy moddalarga qarshi kurash bo'yicha grant loyihasi va boshqalarga e'tibor qaratildi.
Vazir FAOning ekologik ta’limni yuksaltirish va aholining bilim darajasini oshirish borasidagi faoliyatini alohida ta’kidladi.
“FAO qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va boshqa sohalardagi joriy ekologik tendensiyalarni tushunish imkonini beruvchi keng qamrovli hujjat bo‘lgan Atrof-muhit holatining milliy hisobotini tayyorlashni qo‘llab-quvvatladi. Biz birgalikda “Oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qo‘llanma”ni nashr qildik va ushbu muhim masalaga keng jamoatchilik e'tiborini qaratish maqsadida ko‘rgazma o‘tkazdik”, — dedi A.Abduhakimov.
Tomonlar, shuningdek, Global ekologik fond (GEF) va Yashil iqlim jamg‘armasidan (YaIJ) qo‘shimcha mablag‘larni jalb etishda O‘zbekiston yetakchiligida barcha Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida submintaqaviy guruh tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yerlarning degradatsiyasini monitoring qilish sohasida hamkorlikni kengaytirish, cho'llanish va chang bo'ronlariga qarshi kurash, qishloq xo'jaligida og'ir kimyoviy moddalar va pestitsidlarni bosqichma-bosqich to'xtatish, ekologik toza dehqonchilik amaliyotini targ‘ib qilish va FAOning oziq-ovqat chiqindilarini boshqarish konsepsiyasini maktabgacha va maktab o‘quv dasturlariga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.