O'zbekistonda "Toza havo" oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi
2026-08-11 11:05:00 / Yangiliklar

Tadbirlar O'zbekiston Respublikasining "Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonunining 16, 17 va 28-moddalari, shuningdek, "Ekologik nazorat to'g'risida"gi Qonunning 11-moddasi talablarini bajarish maqsadida Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi hamda Yo'l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida o'tkazilmoqda.
Respublika bo'ylab aksiyaning birinchi bosqichi joriy yilning 10-aprelidan 10-mayiga qadar davom etdi. Ushbu davrda mutaxassislar 288 755 ta avtotransport vositasini maxsus asbob-uskunalar yordamida tekshirib, chiqindi gazlar tarkibidagi zararli moddalar miqdorini o'lchadi. Nazorat natijalariga ko'ra, 1 384 ta transport vositasida (0,5 foiz) chiqindi gazlar tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me'yorlardan yuqori ekani aniqlandi. Mazkur transport vositalari bo'yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ko'rsatkichlarni amaldagi me'yorlarga moslashtirish yuzasidan tegishli choralar ko'rildi.
Shuningdek, tadbirlar davomida chiqindi gazlar tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalar bo'yicha davlat standartlarida belgilangan me'yorlarni qo'pol ravishda buzgan 446 nafar haydovchi aniqlanib, ularga nisbatan Yo'l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga muvofiq choralar ko'rildi.
Tekshiruvlar yo'l-patrul xizmati statsionar postlarida, ko'chalarda hamda avtotransport korxonalarining kirish-chiqish hududlarida olib borildi. Me'yoridan ortiq chiqindi chiqarayotgan transport vositalari aniqlanganda, zarur ta'mirlash ishlari amalga oshirilgunga qadar ularning harakati vaqtincha to'xtatildi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko'ra, o'tkazilgan tadbirlar natijasida atmosfera havosiga 836 tonna ifloslantiruvchi modda chiqarilishining oldi olindi.
"Toza havo" oyligi ekologik xavfsizlikni ta'minlash va avtotransport vositalarining atmosfera havosi sifatiga salbiy ta'sirini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Nazorat tadbirlari ekologik talablarga javob bermaydigan transport vositalarini o'z vaqtida aniqlash va qonunchilikda belgilangan tartibda zarur choralarni ko'rish imkonini beradi.
"Toza havo" oyligining ikkinchi bosqichi respublika hududlarida 10-avgustdan 10-sentabrga qadar, Toshkent shahrida esa 10-sentabrdan 10-oktabrga qadar davom etadi.
Ikkinchi bosqich doirasida nazorat tadbirlari avtomobil yo'llarida, yo'l-patrul xizmati postlarida, shuningdek, avtotransport korxonalari hududlari va obyektlarida davom ettiriladi. Oylikning borishi va natijalari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib boriladi.
