"Dolzarb 40 kunlik" aksiyasi doirasida har kuni 20 ming tonnagacha chiqindi olib chiqilmoqda
2026-08-10 14:30:00 / Yangiliklar
Tadbir 28-iyuldan 6-sentabrgacha o'tkazilib, aholi punktlarining sanitariya holatini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o'z vaqtida olib chiqish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan.
Ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarida maxsus shtablar tashkil etildi. Hududlarga mas'ul xodimlar biriktirilib, tunu kun navbatchilik va kundalik monitoring yo'lga qo'yildi.
Asosiy e'tibor obodonlashtirish, sanitariya tozaligi, maishiy va qurilish chiqindilarini tezkor olib chiqish, shuningdek, aholi o'rtasida tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilmoqda. Hozirgi kunga qadar respublikadagi 8 150 ta mahalladan 3 604 tasi aksiya tadbirlari bilan to'liq qamrab olingan.
Har kuni o'rtacha 3–4 ming dona maxsus texnika va 8–10 ming nafar xodim jalb etilmoqda. Natijada kuniga 16–20 ming tonna qattiq maishiy chiqindilar hamda 1,5–2 ming tonna qurilish chiqindilari olib chiqilmoqda.
Xususan, 5-avgust kuni 2 732 dona maxsus texnika va 8 996 nafar xodim safarbar etildi. Bir sutka davomida 18,2 ming tonna qattiq maishiy chiqindi va 304,3 tonna qurilish chiqindisi olib chiqilib, jami 18,5 ming tonna chiqindi utilizatsiya qilindi.
Texnikalarning uzluksiz faoliyatini ta'minlash maqsadida aniqlangan 64 ta nosozlikdan 52 tasi tezkor bartaraf etildi, 12 ta texnika esa almashtirildi. Bundan tashqari, favqulodda holatlar va texnik nosozliklar yuzaga kelganda foydalanish uchun 155 dona texnika zaxirada saqlanmoqda.
Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat ishlari ham davom ettirilmoqda. Chiqindilar bilan bog'liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ularga nisbatan jami 165,4 million so'm miqdorida ma'muriy jarimalar qo'llanildi.
Mustaqillik bayrami arafasida bozorlar, savdo majmualari, bog'lar va dam olish maskanlarida tozalikni ta'minlash choralari kuchaytirildi. Sanitariya tozalash va obodonlashtirish xizmatlarining tunu kun navbatchiligi tashkil etildi.
Maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ta'mirlash ishlari natijasida hosil bo'layotgan chiqindilar olib chiqilmoqda. Bu yangi o'quv yili boshlanishi arafasida toza va qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesishdan hosil bo'lgan shox-shabbalar hamda yog'och qoldiqlari kompostlash va organik o'g'itlar ishlab chiqarish uchun yo'naltirilmoqda. Shu bilan birga, poligonlarni obodonlashtirish va yong'inlarning oldini olish bo'yicha qo'shimcha choralar ko'rilmoqda.
Aholi bilan ishlash doirasida fuqarolardan kelib tushgan 327 ta murojaat ko'rib chiqildi. Shundan 275 tasi joyida hal etilgan bo'lsa, 52 tasi o'rganish jarayonida qolmoqda.
Barcha hududlardagi ishchi guruhlar faoliyati Respublika shtabi tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Ko'rilgan choralar natijasida hududlarning sanitariya holati barqaror saqlanib, chiqindilarni olib chiqish tizimida jiddiy uzilishlarga yo'l qo'yilmadi.
Shu bilan birga, Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi DM tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tozalik tadbirlari davomida birinchi 10 kunlikda 137 ta chiqindi poligonida maxsus texnikalar tomonidan 39 130 ta qatnov bilan 125 526 tonna chiqindilar joylashtirilgan.
"Dolzarb 40 kunlik" aksiyasi doirasidagi ishlar tasdiqlangan reja asosida davom ettirilmoqda.
