2030-yilga qadar xavfli chiqindilarini qayta ishlash darajasi 20 foizga yetkaziladi — xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha Prezident qarori
2026-08-06 14:05:00 / Yangiliklar

Hujjatga koʻra, 2030-yilgacha moʻljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, togʻ-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi korxonalarida hosil boʻlayotgan radioaktiv hamda Chiqindilarning tasnif katalogiga muvofiq I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, qayta ishlab boʻlmaydigan xavfli chiqindilarni xavfsiz
va minimal hajmda joylashtirish mexanizmlarini toʻliq tatbiq etish, maxsus obyektlarda saqlanayotgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda ularning hosil boʻlish manbalari, hajmi, tarkibi va joylashtirish joylari boʻyicha tasniflangan davlat hisobini yuritish asosiy maqsad va ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasiga asosan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda yillik rejalar ishlab chiqadi. Bunda chiqindilar hosil boʻlish hajmini kamaytirish, qayta ishlash ulushini oshirish hamda ularni faqatgina tegishli vakolat, infratuzilma va ijobiy ekologik ekspertiza xulosasiga ega boʻlgan ixtisoslashgan tashkilotlarga zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki koʻmish uchun topshirish majburiyati yuklatiladi.
Agar tashkilotlarning oʻzlarida tegishli vakolat va infratuzilma mavjud boʻlsa, ular qonunchilikka muvofiq bu ishlarni mustaqil ravishda ham amalga oshirishiga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab mazkur tashkilotlar statistika hisobotlarini yil yakuniga koʻra shakllantirib boradi va chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 20-sanasiga qadar Agentlik axborot tizimiga kiritib borishi shart. Bu koʻrsatkichlarning bajarilishi ustidan nazorat Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tomonidan amalga oshiriladi.
Mamlakatda xavfli va radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni samarali tashkil etish maqsadida bir qator institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Agentlik huzurida davlat muassasasi shaklida Xavfli chiqindilarni boshqarish direksiyasi tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi oʻz vazifa, huquq
va majburiyatlarini saqlab qolgan holda Agentlik tizimiga oʻtkazildi. Uran merosi obyektlarini ekologik qayta tiklash va ularda barqaror radioekologik holatni taʼminlash uchun maxsus vakolatli organ (regulyator) sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, operator sifatida esa Ekologiya qoʻmitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi belgilandi.
Foydalanishdan chiqarilgan barcha maxsus obyektlar (chiqindi saqlanadigan maydonlar va inshootlar) ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablagʻlar bilan birgalikda Agentlik tasarrufiga bepul asosda oʻtkaziladigan boʻldi.
Bunda Agentlikning alohida byudjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisob raqami yuritilib, Direksiyaning xoʻjalik faoliyatidan tushadigan sof daromadning 50 foizi hamda maxsus obyektlarni topshirayotgan tashkilotlarning rekultivatsiya mablagʻlari shu hisobga yoʻnaltiriladi va obyektlarni qayta tiklash hamda uzoq muddatli monitoring qilish ishlariga sarflanadi. Shuningdek, Agentlik tasarrufidagi sobiq uran konlari va xavfli sanoat chiqindilarini saqlash obyektlari joylashgan yer uchastkalari soliq solinmaydigan yerlar toifasiga kiritilishi koʻzda tutilgan.
Qarorda raqamlashtirish va shaffoflikni taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan boʻlib, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus axborot tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali vazirlik va idoralarning platformalariga ulanib, xavfli chiqindilarning raqamli pasporti yaratiladi va I–III xavflilik sinfiga mansub chiqindilarning har bir tonnasi hosil boʻlish obyektidan tortib to utilizatsiya qilish joyigacha real vaqt rejimida monitoring qilib borilishi taʼminlanadi.
