O'zbekiston COP17 UNCCD doirasida milliy ekologik tashabbuslarini taqdim etadi
2026-08-03 15:30:00 / Yangiliklar

Bo'lajak konferensiya yerlarning degradatsiyasini oldini olish, cho'llanishga qarshi kurashish, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish masalalarini muhokama qilishga bag'ishlangan eng yirik xalqaro maydonlardan biri bo'ladi. Tadbirda hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, moliyaviy institutlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etadi.
O'zbekiston BMTning Cho'llanishga qarshi kurashish konvensiyasi doirasidagi global kun tartibini amalga oshirishdagi ishtirokini izchil mustahkamlab bormoqda. Xususan, 2023-yilda Samarqand shahrida ilk bor Konvensiyaning (CRIC-21) bajarilishini ko'rib chiqish bo'yicha qo'mitasining 21-yig'ilishi o'tkazilib, u degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va yer degradatsiyasi neytral balansiga erishish masalalarini muhokama qilish bo'yicha muhim xalqaro maydonga aylandi.
Yana bir muhim voqea sifatida UNCCD Kotibiyatining maxsus loyihasi hisoblangan "Ipak yo‘li karvoni" (Silk Road Caravan) xalqaro ekspeditsiyasining O'zbekistonga tashrifi bo'ldi. 2026-yil iyun oyida Samarqandda o'tkazilgan Global ekologik jamg'arma (GEF) VIII Assambleyasi doirasida loyiha ishtirokchilari suratga olish missiyasi bilan mamlakatimizga tashrif buyurib, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ekologik islohotlar, jumladan Orolbo'yi ekotizimini tiklash hamda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish bo'yicha loyihalar bilan yaqindan tanishdilar.
COP17 doirasida O'zbekiston delegatsiyasi O'zbekiston Respublikasi Milliy pavilonini namoyish etadi. Mazkur pavilon mamlakatimizning atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o'zgarishiga moslashish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash borasidagi yutuqlarini namoyish etuvchi maydon bo'ladi.
Pavilon tashrif buyuruvchilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va milliy ekologik tashabbuslar, jumladan, "Yashil makon", "Toza havo", "Ekologik madaniyat", "Bionasl", "Chiqindisiz hudud" loyihalari, shuningdek galofit bog'larini barpo etish, Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplam yaratish, qurg'oqchil hududlarda barqaror o'rmonzorlar barpo etish hamda ekotizimlarni tiklashga qaratilgan boshqa loyihalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Konferensiyaning ishbilarmonlik dasturi doirasida yalpi majlislar, yuqori darajadagi vazirlar muloqotlari, mavzuli forumlar va parallel tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarda yer degradatsiyasi, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, ekotizimlarni tiklash, qum va chang bo'ronlariga qarshi kurashish hamda yer degradatsiyasi neytral balansiga erishish yo'lida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
COP17 davomida O'zbekiston delegatsiyasi cho'llanish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan qator xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ular qatoriga Osiyo cho'llanishga qarshi kurash markazlari tarmog'ini tashkil etish, qurg'oqchil hududlar uchun Samarqand iqlim muloqotini yo'lga qo'yish, qum va chang bo'ronlarini monitoring qilish hamda erta ogohlantirish bo'yicha mintaqaviy tizimni shakllantirish, "Yashil Orol" xalqaro dasturini amalga oshirish, Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish bo'yicha mintaqaviy konsepsiyasini ilgari surish, O'zbekiston-Mo'g'uliston barqaror yaylovlarni boshqarish tashabbusini rivojlantirish, shuningdek yerlarni tiklash, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish va qurg'oqchil hududlarning iqlim barqarorligini oshirishga qaratilgan boshqa loyihalar kiradi.
