Eslatma! 1-avgustdan noyob yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlanadi
2026-08-02 16:15:00 / Yangiliklar

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan 2028-yil 1-yanvarga qadar 1-ilovaga muvofiq Oʻzbekistonda kamyob va yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish taqiqlanadi. Ushbu cheklov fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xoʻjaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtirilayotgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish, shuningdek, ilmiy va tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun ov qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni shakllantirish va taqsimlashda ov qilish taqiqlangan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi yuqori boʻlgan yovvoyi hayvonlar turlariga nisbatan kvota ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, hayvonot dunyosi yoʻqotishlarining oʻrnini qoplash choralarini kuchaytirish hamda ekotizimlar barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
