Issiqda daraxtlarni sug‘orishda agrotexnik qoidalarga amal qilish muhim
2026-08-02 11:00:00 / Yangiliklar

Avvalo, daraxtlarni sug‘orish uchun eng maqbul vaqt kechki soat 20:00 dan ertalabki 05:00 gacha bo‘lgan davr hisoblanadi. Bu vaqtda havo harorati past bo‘lib, suvning bug‘lanishi kamayadi va namlik ildiz qatlamiga samarali singadi. Kunning 10:00–17:00 oralig‘ida sug‘orish tavsiya etilmaydi, chunki suvning katta qismi bug‘lanib ketadi.
Sug‘orish jarayonida suvni daraxt barglariga emas, balki ildiz atrofiga sekin va me’yorida quyish lozim. Bu namlikning ildizlarning chuqur qatlamiga yetib borishini ta’minlab, daraxtning qurg‘oqchilikka chidamliligini oshiradi.
Sug‘orish me’yori daraxtning yoshiga qarab belgilanishi kerak. Yangi ekilgan ko‘chatlar kamroq miqdorda, ammo tez-tez sug‘oriladi. Yosh daraxtlarni haftasiga 2–3 marta, katta daraxtlarni esa haftasiga 1–2 marta mo‘l va chuqur sug‘orish tavsiya etiladi. Yuqori harorat ta’sirini kamaytirishda mulchalash ham muhim agrotexnik usul hisoblanadi. Buning uchun daraxt ildizi atrofi 5–10 santimetr qalinlikda somon, daraxt po‘stlog‘i, maydalangan barg yoki boshqa organik materiallar bilan qoplanadi. Mulcha tuproqda namlikni uzoq vaqt saqlaydi, haroratni pasaytiradi hamda suv sarfini kamaytiradi.
Shuningdek, sug‘orishdan keyin tuproq yuzasida hosil bo‘lgan qattiq qatlamni ehtiyotkorlik bilan yumshatish tavsiya etiladi. Bu tuproqning havo o‘tkazuvchanligini yaxshilab, suvning ildizlarga erkin yetib borishiga xizmat qiladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida imkoniyat mavjud bo‘lgan hududlarda tomchilatib sug‘orish tizimlarini qo‘llash maqsadga muvofiq. Bunday usul suvni bevosita ildiz zonasiga yetkazib, isrofgarchilikning oldini oladi.
Mutaxassislar tuproq namligini muntazam nazorat qilish, daraxt turi, yoshi va tuproq xususiyatlarini inobatga olgan holda sug‘orish me’yorlarini belgilashni tavsiya etadi.
Anomal issiq sharoitida sug‘orish, mulchalash va tuproqni parvarish qilish bo‘yicha agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish daraxtlarni sog‘lom saqlash, yashil hududlarni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
