Yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shganlarga "Ekohamkor" maqomini berish ko‘zda tutilmoqda
2026-07-30 11:30:00 / Yangiliklar

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 25-martdagi PF–47-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish, saqlash va rivojlantirishda jismoniy va yuridik shaxslar ishtirokini kengaytirish hamda ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Qaror loyihasiga ko‘ra, kamida 1000 tup daraxt va buta ko‘chatlaridan iborat yashil bog‘ va yashil jamoat parkini tashkil etgan hamda Yashil xayriya jamg‘armasiga kamida 200 million so‘m hadya qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga "Ekohamkor" maqomini berish ko‘zda tutilgan.
“Ekohamkor” maqomi har yili o‘tkaziladigan tanlov yakunlariga ko‘ra, har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan bittadan, jami 14 nafar jismoniy shaxs hamda 10 nafar yuridik shaxsga beriladi. G‘oliblarga har yili aprel oyi yakunlari (natijalar umumlashtirilgach) bo‘yicha may oyida ko‘rib chiqiladi hamda iyun oyining 1–10-sanalarida ularga maxsus guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Shuningdek, “Ekohamkor” maqomini olganlar “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi. Tanlov ishtirokchilari orasidan eng yuqori ball to‘plagan 1 nafar jismoniy yoki yuridik shaxs “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvoniga tavsiya etiladi.
Muhim! “Ekohamkor” maqomini olganlarga belgilangan huquqlardan foydalanish jarayonida yashil hududlarda har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
“Ekohamkor” maqomini olgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma beriladi, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklarida iste’mol krediti olishda chegirmalar qo‘llaniladi.
Hurmatli yurtdoshlar! Siz ham regulation.gov.uz platformasi orqali muhokamada faol ishtirok etib, o‘z takliflaringizni bildirishingiz mumkin.
