Suyuq chiqindilarning “Salar” kanaliga tashlanishi holati o‘rganildi
2026-07-29 17:15:00 / Yangiliklar

O‘rganish davomida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, “Shota Rustaveli” ko‘chasida “B.B.” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosini qurish davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga shikast yetkazilganligi, natijada quvurning ma’lum qismi o‘pirilib tushganligi aniqlandi. To‘planib qolgan suyuq chiqindilar esa Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Salar” kanaliga hech qanday tozalash ishlarini olib bormasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlangan.
Suyuq chiqindilardan Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasining tahliliy laboratoriya bo‘limi tomonidan namuna olindi. Olingan namunalarda Ekologiya milliy qo‘mitasi huzuridagi Ekologik monitoring milliy markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsulot qoldiqlari belgilangan me’yordan 5,02 marta, azot ammoniy 43,5 marta, XPK 4,9 marta, muallaq moddalar esa 13,6 marta yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq namunalarining tarkibida neft mahsulot qoldiqlari 2,6 dan 11,4 mg/kg gacha ekanligi aniqlandi.
Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 63 936 metr kub hajmdagi suyuq chiqindilar “Salar” kanaliga hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda chiqarib tashlangan. Ushbu holat sodir etilishi natijasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi, “Suv kodeksi”ning 23, 117, 153-moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Natijada 2 mlrd 160 mln 13 ming 824 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.
Bundan tashqari, MChJ tomonidan oqova suv tarmog‘iga shikast yetkazilganlik holati natijasida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar tashlanishi oqibatida yer relyefidagi tuproq ifloslantirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsulot qoldiqlari belgilangan konsentratsiya miqdoridan o‘rtacha 5,2 marta yuqorini tashkil etgan. Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi, “Yer kodeksi”ning 40, 79, 85-moddalari talablari buzilgan. Holat yuzasidan 60 mln 27 ming 81 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. “B.B.” MChJ jami 2 mlrd 220 mln 40 ming 905 so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi.
