Istiqlolimizning 35 yillik bayramiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda
2026-07-29 10:30:00 / Yangiliklar

Bayramga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ko‘tarinkilik bilan tashkil etilmoqda.
Jumladan, qo‘mita va tizim tashkilotlari binolari va hududi bayramona bezatildi, bu yilgi bayram shiori aks etgan lavhalar o‘rnatildi.
Bayram munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi ostida Ekologiya milliy qo‘mitasi xodimlari tomonidan mehnat jamoalari, mahallalar, ta’lim maskanlarida Mustaqillik bayramining yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi tarixiy ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, hasharlar, madaniyat va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirlarda yoshlarning ekologik madaniyatini yanada oshirish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, daraxtlarni asrash, hayvonlar, qushlar, o‘simliklarga g‘amxo‘rlik qilishga doir bilimlar yetkazilmoqda, shuningdek, hududlarni obod qilishga bag‘ishlangan turli aksiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etilmoqda. Xususan, yosh ekofaollarni jalb qilgan holda plogging aksiyalari o‘tkazilib, belgilangan hududlar chiqindilardan tozalanmoqda.
Ekologiya milliy qo‘mitasi yurtdoshlarimizni milliy istiqlolimizning 35 yilligini munosib kutib olishga, atrof-muhitni asrashga, tabiatga g‘amxo‘rlik qilishga chaqiradi.
