Navoiyda 778 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborildi
2026-07-28 17:45:00 / Yangiliklar
Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlari cho‘l hududlarida 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq qushlari tabiatga qo‘yib yuborildi. Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Ekohudud va ovchilikni rivojlantirish departamenti, viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda "Falcon Hunting Solutions" MChJ hamkorligida amalga oshirildi.

Qushlar Birlashgan Arab Amirliklarining ixtisoslashtirilgan pitomnigida parvarishlangan bo‘lib, asosiy maqsad yo‘rg‘a tuvaloq populyatsiyasini tiklash va ko‘paytirish, bioxilma-xillikni asrash hamda cho‘l ekotizimining tabiiy muvozanatini saqlashdan iborat.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiiy muhitga qo‘yib yuborilgan qushlarning moslashuvi va ko‘payishi kelgusida ushbu noyob tur populyatsiyasining barqaror o‘sishiga xizmat qiladi. Bunday amaliy tadbirlar yovvoyi tabiatni muhofaza qilish, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarni asrash hamda ularning tabiiy yashash muhitini tiklash borasida olib borilayotgan izchil ishlarning muhim qismi hisoblanadi.
